IT Park yordamida Oʻzbekistonda oʻz biznesini rivojlantirayotgan “iVenture Accounting Group” muvaffaqiyat tarixi

Oʻz biznesini rivojlantirish uchun Oʻzbekistonni tanlagan IT Park rezidentlarining hikoyalari bilan tanishtiradigan ruknimizni davom ettiramiz. Ushbu intervyuda “iVenture Accounting Group” vakili Akmal Rahimov kompaniyani Oʻzbekistonda kengaytirish strategiyasi va kelgusi rejalari haqida gapirib berdi.

“iVenture Accounting Group” — shtab-kvartirasi AQShning Merilend shtatida joylashgan kompaniya boʻlib, mahalliy va xalqaro mijozlarga keng qamrovli buxgalteriya hisobi va soliq xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan.

“iVenture” kompaniyasining Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi rivojlanayotgan bozorlarni sinchkovlik bilan tahlil qilishdan boshlandi va Oʻzbekistonning jadal oʻsib borayotgan iqtisodiyoti kompaniya mutaxassislarining eʼtiborini tortdi.

“Oʻzbekiston oʻzining dinamik iqtisodiy landshafti va strategik joylashuvi bilan “iVenture Accounting Group” kompaniyasiga mamlakat moliya sektorini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshish uchun ajoyib imkoniyat taqdim etdi. Hukumatning iqtisodiy islohotlarga sodiqligi va malakali mutaxassislarning mavjudligi ham qarorimizga taʼsir koʻrsatdi”, — deydi Akmal. “Hozirgi vaqtda Oʻzbekistondagi buxgalteriya xizmatlari sohasi yuqori sifatli moliyaviy tajribalarga boʻlgan talabning ortib borishi hisobiga jadal oʻsib bormoqda, bu esa doimiy kengayish va rivojlanish uchun juda qulay. Qolaversa, bizning innovatsion buxgalteriya uslublarimiz Oʻzbekiston uchun nisbatan yangi ekanligini taʼkidlash joiz.”

Ayni paytda kompaniya asosiy koʻrsatkichlar, jumladan mijozlar portfeli va xodimlar soni boʻyicha ijobiy dinamikani namoyish qilmoqda.

IT Park rezidentligi “iVenture” kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻz biznesini yuritish qaroriga asosiy sabab boʻldi. IT Park tomonidan taqdim etilayotgan keng qamrovli infratuzilma, soliq imtiyozlari va boshqa afzalliklar kompaniyaning buxgalteriya xizmatlarida texnologiyalardan foydalanish istagiga mos keladi.

Akmal Rahimovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston boy kadrlar zaxirasiga ega va “iVenture Accounting Group” kompaniyasi malakali mahalliy mutaxassislarni muvaffaqiyatli jalb qilmoqda. Bundan tashqari, kompaniya mahalliy isteʼdodlarni tarbiyalashga eʼtibor qaratmoqda va Oʻzbekistondagi IT-sohaning kelajagiga ijobiy qaraydi: doimiy texnologik taraqqiyot va hukumat tomonidan innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash mamlakatni jahon texnologiya sanoatining asosiy oʻyinchilaridan biriga aylantiradi.

“iVenture Accounting Group” kompaniyasi Oʻzbekistondagi kelajagi uchun ulkan rejalarga ega. Kompaniya xodimlar sonini sezilarli darajada oshirib, yangi ish oʻrinlari yaratishga hissa qoʻshish hamda mijozlar bazasini kengaytirish niyatida.

2024-02-21