IT Park yosh qizlar orasida startaplar tanlovining g‘oliblarini e’lon qildi

IT Park Uzbekistan turli sohalarda innovatsion yechimlar yaratayotgan iqtidorli yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Tanlov yakuniga ko‘ra, hayot sifatini yaxshilash, ayollarni qo‘llab-quvvatlash va texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan uchta istiqbolli startap g‘oyasi tanlab olindi. Tanlovda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 69 nafar ishtirokchi qatnashdi.

G‘oliblar safiga kimlar kirdi?

Birinchi o‘rinni HealthTech sohasidagi startap g‘oyasi bilan Shohista Rahimova egalladi. Uning startapi sun’iy intellekt yordamchisi orqali yosh onalarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan. Platforma ayollarga chaqaloq parvarishi, ovqatlanish masalalarida yordam beradi, shuningdek, tug‘ruqdan keyingi davrda psixologik qo‘llab-quvvatlaydi. Otalarni tarbiya jarayoniga jalb etishga qaratilgan hamkorlikdagi ota-onalik tushunchasiga alohida e’tibor qaratilgan.

G‘olib investorlarni jalb qilish uchun ishonchli taqdimot yaratishda professional yordam oldi.

Ikkinchi o‘rinni Maftunaxon Isoqjonova egalladi. U uy bekalari uchun onlayn platforma yaratishni taklif qildi. Bu platforma ayollarga uy taomlarini, qo‘l mehnati mahsulotlarini va uy buyumlarini sotish orqali daromad topishga yordam beradi. Shuningdek, platforma xaridorlar uchun qulay va xavfsiz yetkazib berishni ham kafolatlaydi.

Maftunaxon sovrin sifatida “IT Park Ventures” mutaxassislaridan maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Uchinchi o‘rinni Hadicha Ahmadjonova egalladi. Uning EdTech sohasidagi “Steminist” startapi qizlarning STEM yo‘nalishlaridagi ishtirokini oshirishga qaratilgan. Platforma interaktiv kurslar, amaliy loyihalar va ilg‘or texnologiyalarni, jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ovozli boshqaruv va nigoh bilan yo‘naltirish imkoniyatlarini taklif etadi.

Uchinchi o‘rinni egallagan g‘olib loyihasini hayotga tatbiq etish uchun mentorlik yordamini oldi.

Innovatsiyalar kelajagi — yosh yetakchilar qo‘lida

Ushbu startaplar nafaqat ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal qiladi, balki O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi. IT Park innovatsion g‘oyalarning o‘sishi va mamlakat biznes muhitiga integratsiyalashuvi uchun sharoitlar yaratish orqali ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. G‘oliblarni tabriklaymiz va ularning loyihalarini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilaymiz!

2025-03-27