“ITWomenUz” loyihasining ikkinchi to‘lqini ishga tushirildi

Joriy yilning 17-may sanasida butun Respublika bo‘ylab “ITWomenUz” loyihasining ikkinchi to‘lqini ishga tushirildi. Ikkinchi to‘lqin doirasida xotin-qizlar tadbirkorligi hamda kompyuter savodxonligi bo‘yicha onlayn va oflayn tarzda qisqa muddatli treninglar tashkil etiladi.


Eslatib o‘tamiz, xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb qilishga qaratilgan “ITWomen.Uz” O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT Park tomonidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Amity universiteti bilan birgalikda tashkil etildi. Loyiha homiysi – “Uzcard” kompaniyasi.

Loyihaning asosiy maqsadi ayollar daftari tarkibiga kiritilgan ayollar uchun axborot texnologiyalari sohasida taʼlim olish va ularni ish bilan taʼminlanish imkoniyatini yaratishdir.

2021-yil 17-fevraldan 4-martgacha bo‘lib o‘tgan loyihaning birinchi bosqichida 2000 dan ortiq ayollar kurslardan o‘tdi va kurs davomida zamonaviy texnologiyalarga doir bilimlarini oshirish, kompyuter savodxonliklarini rivojlantirish, sayt yaratishda asosiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish, shuningdek, kompyuter dizayni sohasidagi amaliy ko‘nikmalarni egallashga muvaffaq bo‘lishdi.


Loyihaning ikkinchi bosqichi joriy yilning 14-iyun sanasiga qadar davom etadi. Ikkinchi bosqich davomida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan xotin-qizlarga axborot texnologiyalari sohasida ta’lim berish ko‘zda tutilgan.

2021-05-19