Jahon banki O‘zbekistonga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasida ish o‘rinlarini yaratishda yordam beradi

VASHINGTON, 2023-yil 30-noyabr – Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarning raqamli koʻnikmalarga oʻqitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITES) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda ITES xizmatlari eksporti 2017-yildagi 600 ming dollardan 2022-yilga kelib 140 million dollargacha sezilarli darajada oshdi, bu bilan bir vaqtda axborot texnologiyalari (IT) sohasida kompaniyalar soni va yuqori maoshli ish o‘rinlarining oshishi kuzatildi. Ushbu ijobiy o‘sishga qaramay, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) savdosi sektorining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 2022-yilda 1,9 foizni tashkil etdi.

Mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasida (“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi) ushbu o‘n yillik yakuniga qadar O‘zbekiston Markaziy Osiyo axborot texnologiyalari markaziga (“IT-HUB”) aylanishi, IT-xizmatlarining yillik eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazishi, IT-kompaniyalarning mamlakatdagi vakolatxonalari sonini 1000 tagacha oshirishi va 300 ming nafar yoshlarni IT sohasida ish bilan ta’minlashi kerakligi aytiladi.

Ushbu ulkan maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston raqamli texnologiyalar sohasidagi zarur ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, kerakli IT va ofis infratuzilmasini rivojlantirish, IT sohasini rivojlantirish uchun qonunchilik normalarini va siyosatni ishlab chiqish, shuningdek, xorijiy va mahalliy investorlarni ushbu sohaga jalb qilish uchun rag‘batlar yaratishga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi. O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyalar ayni paytda ta’lim olmayotgan, professional tayyorgarlikdan o‘tmagan va mehnat faoliyatida bo‘lmagan yoshlar, jumladan, ayollar sonini qisqartirishga ham yordam berishi mumkin.

“Jahon banki tomonidan qoʻllab-quvvatlanoyatgan yangi loyiha Oʻzbekistonga ITES xizmatlari sohasidan iqtisodiy oʻsish, yangi ish oʻrinlari yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadlarida foydalanishga yordam beradi. Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadini ko‘zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT-Park tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o‘tgan shaxslarni ishga oladigan ITES kompaniyalari uchun turli xil rag‘batlar taqdim etiladi”, - deya ta’kidlaydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

2029-yilda loyiha yakuniga kelib O‘zbekiston ITES xizmatlari sohasida 25,000 kishi ish bilan ta’minlanishi va 15,000 kishi turdosh sohalarda ish toppish imkoniyatiga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Loyiha ushbu maqsadlarga erishish uchun turli xil chorat-tadbirlarni maqsad qilgan, jumladan:

- Butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITES markazlari ishga tushiriladi. Ushbu chora-tadbirlar ITES kompaniyalarini O‘zbekiston hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochishga rag‘batlantiradi.

- 6200 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 3100 nafar ayollar va 250 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar kommunikatsiya, kompyuter va til koʻnikmalarini (ITES kompaniyalarida talab qilinadigan ingliz va boshqa chet tillari) oʻz ichiga olgan asosiy professional koʻnikmalarni rivojlantirish dasturlari boʻyicha taʼlim oladilar.

- 9000 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 4500 nafar ayollar va 360 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar ITES kompaniyalarida ish bilan taʼminlanadi. Kompaniyalarga oʻz navbatida loyiha doirasidagi ishtirokchilarni ishga olishi uchun moddiy ragʻbatlar beriladi.

- O‘zbekistonda xorijiy va mahalliy ITES kompaniyalari faoliyati uchun qulay shart- sharoitlarni ta’minlashda muhim o‘rin tutgan normative-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.

- Yuqorida qayd etilgan loyiha chora-tadbirlari natijasida 240 ga yaqin yangi ITES kompaniyalari IT-Park rezidentlariga aylanadi va O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaydi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi faoliyati haqida batafsil quyidagi havolada o‘qishingiz mumkin. 

2023-11-30