Jahon bankining raqamli rivojlanish boʻyicha direktori IT Park rezidentlari faoliyatini oʻrgandi

Oʻtgan haftada IT Park Uzbekistan Jahon bankining raqamli rivojlanish boʻyicha direktori Christine Qiang xonim boshchiligidagi Jahon banki vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi. Tashrifidan maqsad Jahon bankining moliyaviy koʻmagida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park tomonidan ishga tushirilayotgan “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasini amalga oshirish boʻyicha tayyorgarlik jarayonini oʻrganishdan iborat edi. Bu Christian Qiang xonimning Oʻzbekistonga birinchi tashrifi hisoblanadi.

Qiang xonim beshta IT Park rezident kompaniyalariga tashrif buyurdi, jumladan: Toshkent shahridagi “MAAB Innovation” va “EPAM Systems”, shuningdek, Samarqand shahridagi “Easy Booking”, “Sam IT Global” va “Prime Samarkand”.

Jahon banki vakillari ushbu kompaniyalarning operatsion faoliyati, ularning eksport salohiyati va IT Park rezidentlari orasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish dinamikasi bilan tanishdilar. Shuningdek, ularga rezidentlarning biznesini xalqaro bozorlarda kengaytirish imkoniyatlari haqida ham maʼlumot berildi.

Qiang xonim IT Park rezidentlarining kasbiy rivojlanishi uchun teng imkoniyatlar yaratish, ayollarni IT-sanoatga jalb qilish va ularning martaba oʻsishini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratish muhimligini taʼkidladi.

Jahon banki Oʻzbekistonda raqamli ekotizimni yaxshilash va inklyuziv biznes amaliyotlarini kengaytirishga qaratilgan IT Park tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Mazkur hamkorlik mamlakatning raqamli transformatsiyasini jadallashtirish, fuqarolarni IT-sanoatga jalb etish va mamlakatning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga salmoqli hissa qoʻshishi mumkin.

2024-05-21