Yaponiyaga rasmiy tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Xalqaro marketing bo‘yicha direktor Jamila Xalibaeva boshchiligida “Japan-Uzbekistan Silk Road Foundation” (JUSRF) Bosh menejeri Masato Yoshida bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida IT va autsorsing sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandumni imzoladilar.
“Japan-Uzbekistan Silk Road Foundation” — bu Yaponiyaning 90 dan ortiq ishtirokchini birlashtirgan jamoat korporativ fondi bo‘lib, ular orasida yirik korporatsiyalar, kichik va o‘rta biznes vakillari, mintaqaviy tashkilotlar va nufuzli ta’lim muassasalari mavjud. Jamg‘arma faoliyati oltita yo‘nalishni qamrab oladi: IT, investitsiyalar va tashqi savdo, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, shuningdek, turizm, sport, ta’lim va madaniyat.
Imzolangan memorandum joriy yil oktyabr oyi boshida Toshkentda o‘tkazilgan avvalgi uchrashuvda yo‘lga qo‘yilgan sheriklik munosabatlarini mustahkamlaydi. Kelishuv IT-autsorsing sohasida hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, qo‘shma korxonalar va loyihalarni tashkil etishga ko‘maklashadi, bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni sezilarli darajada kuchaytiradi.
Memorandum doirasida Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ayniqsa yangi investorlar uchun muhimdir. Bu biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashish, huquqiy maslahat berish, shuningdek, mahalliy hamkorlar bilan uchrashuvlar uyushtirish orqali mustahkam ishbilarmonlik aloqalari va sheriklik o‘rnatish uchun qulay sharoitlar yaratishni o‘z ichiga oladi.
Hamkorlik doirasida mahalliy kompaniyalarni Yaponiyaning autsorsing loyihalariga faol jalb etishga yordamlashish ham rejalashtirilgan. Bu esa mahalliy kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish va ikki mamlakat IT-bozorlari o‘rtasida mustahkam sheriklik aloqalarini o‘rnatish imkonini beradi.
Tomonlar IT sohasida bilim va tajriba almashishni faol qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar. Bu IT Park rezidentlari uchun biznes aloqalarini mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘ladi. Rejalarda O‘zbekiston IT-sektori vakillariga Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalari va biznes amaliyotlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradigan seminarlar, treninglar va netvorking tadbirlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
IT Park Uzbekistan va “JUSRF” o‘rtasida memorandum imzolanishi O‘zbekistondan IT-xizmatlar eksporti va autsorsingni faol rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy kompaniyalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish istiqbollarini ochadi. Ushbu strategik hamkorlik O‘zbekiston IT-kompaniyalariga Yaponiya bozorini o‘zlashtirishda yordam berishga, ularning integratsiyalashuvi va muvaffaqiyatli kengayishi uchun zarur ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan. Mazkur ittifoq nafaqat mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashi, balki O‘zbekistonda yuqori texnologiyalar sektorining o‘sishi uchun muhim turtki bo‘lishi, uning yetakchi xalqaro IT-xizmatlar ta’minotchisiga aylanishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
2024-10-31