Jizzaxda IT salohiyatini oshirishga hissa qoʻshayotgan TEAMIT SERVICES faoliyati bilan tanishildi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Jizzax shahriga amalga oshirgan tashrifi doirasida IT Parkning yetakchi rezidentlaridan biri – TEAMIT SERVICES o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur korxona IT ta’limi, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatib, 2024-yilda 300 nafardan ortiq yoshlarni o‘qitishga erishgan. Uchrashuv chog‘ida kompaniya rahbari Vazirga markazning o‘quv dasturlari, zamonaviy laboratoriyalari va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, 2026-yilga qadar sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha yangi kurslar ochish, zamonaviy texnik bazani kengaytirish va qo‘shimcha o‘quv quvvatlarini yaratish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.

Vazir Sherzod Shermatov markazning yoshlar bandligini oshirish, zamonaviy IT kadrlarni tayyorlash va hududda innovatsion ekotizimni shakllantirishdagi muhim o‘rnini alohida qayd etdi. Shuningdek, faoliyat sohalarini kengaytirish, ta’lim sifati va quvvatlarini oshirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

2025-12-03