So‘nggi yillarda IT Park tomonidan yaratilayotgan qulay sharoitlar, rezidentlar uchun berilayotgan soliq imtiyozlari va Zero Risk dasturi orqali xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonga, jumladan Jizzax viloyatiga ham kelib, o‘z kompaniyalarini ochishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Aynan shunday imkoniyatlardan foydalangan holda Jizzaxga ko‘chib kelgan xorijlik mutaxassis tomonidan asos solingan TEXNO FORT kompaniyasi bugun mintaqaviy bozorga faol chiqmoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Jizzax viloyatiga tashrifi davomida AT autsorsing, dasturiy ta’minotni joriy etish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mazkur kompaniya faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. TEXNO FORT qisqa vaqt ichida xalqaro hamkorliklarni yo‘lga qo‘yib, mintaqada jadal rivojlanayotgan AT subyektlaridan biriga aylandi.
Kompaniya hozirda AQShning “Creatio” kompaniyasi bilan hamkorlikda logistika tarmoqlari uchun korporativ AT yechimlarini joriy etish loyihalarini amalga oshirmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida TEXNO FORT Qozog‘iston bozoriga dasturiy xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu O‘zbekiston AT sohasi uchun muhim yutuq sifatida qayd etildi. Mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilayotgan xizmatlarning mintaqaviy darajada tan olinayotgani, eksport geografiyasi kengayayotgani e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida kompaniya rahbari 2026-yilda Markaziy Osiyo davlatlariga eksportni kengaytirish rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, logistika, mijozlar bilan ishlash va jarayonlarni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Ushbu tashabbuslar mintaqa bo‘ylab raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Vazir kompaniyaning eksportga yo‘naltirilgan modeli va qisqa vaqt ichida erishgan natijalarini yuqori baholadi. Shuningdek, mintaqada korporativ dasturiy yechimlarga talab yuqori ekanini inobatga olib, mahalliy AT kompaniyalarining xalqaro bozorlarga faol chiqishi, xizmat sifati va innovatsion mahsulotlarni oshirish yo‘lida qo‘llab-quvvatlash choralarini davom ettirish muhimligini qayd etdi.
2025-12-03