Joriy yilda 40 dan ortiq xorijiy kompaniyalar IT Park rezidentiga aylanishdi

IT Park rezidentlari soni doimiy ravishda ortib bormoqda. Avvalroq ta’kidlab oʻtganimizdek, yanvar oyida 75 ta kompaniya IT Park rezidentiga aylandi, fevral oyida oʻsish dinamikasi tezlashdi va 134 ta yangi kompaniya ushbu maqomga ega boʻldi. Shu tariqa, 2024-yil fevral oyi oxiriga kelib rezident kompaniyalarning umumiy soni 1828 tani tashkil etdi.

Birinchi navbatda, yangi rezidentlar orasida taʼlim kompaniyalari ustunlik qiladi (49), bu esa IT sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga boʻlgan yuqori talabdan darak beradi. Keyingi oʻrinlardagi dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi (29) va xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar (28) Oʻzbekistonda yuqori sifatli IT-xizmatlarga boʻlgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. IT Parkning yangi rezidentlari orasida BPO-kompaniyalarining ulushi barqarorligicha qolmoqda va fevral oyida 21 ta shunday kompaniya rezidentlar qatoriga qoʻshildi.

49 ta yangi kompaniya — eksportga yoʻnaltirilgan, 24 tasi esa xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan. Yangi rezidentlarning asosiy qismi Oʻzbekiston vakili boʻlsa-da, xorijiy kompaniyalarning geografiyasi juda taʼsirli: Rossiya (8), AQSh (6), Janubiy Koreya (2) va Germaniya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Kipr, Misr, Pokiston va Tojikiston davlatlaridan bittadan kompaniya.

Bugungi kunda jami 464 ta xorijiy kompaniya IT Park rezidentlari boʻlib, ulardan 41 tasi 2024-yil boshidan buyon aʼzo boʻlgan, yil oxiriga kelib esa 200 dan ortiq xorijiy kapital ishtirokida yangi kompaniyalar qoʻshilishi kutilmoqda. Bunday keng qamrov IT Park va Oʻzbekistonning IT-biznesni yuritish yoʻnalishi sifatidagi xalqaro jozibadorligini taʼkidlaydi.

Yangi rezidentlar orasida dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini koʻrsatuvchi Amerika kapitali ishtirokidagi “Silkroad Software” kompaniyasini qayd etish mumkin. “mGovAward” mukofotiga nomzod boʻlgan “Voltiva” kompaniyasining IT Park rezidentiga aylangani ham eʼtiborga molik.

2023-yil dekabr oyi oxirida kompaniyalar allaqachon roʻyxatdan oʻtgan yangi faoliyat turlari tasdiqlandi. Fevral oyining yangi rezidentlari orasida akseleratsiya dasturi boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi “Plug and Play” kompaniyasi, shuningdek, “AloqaVentures” venchur fondi ham bor.

Bundan tashqari, animatsiya mahsulotlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan “DIP Animation Studio” kompaniyasi ham IT Park rezidentiga aylandi. Kompaniya “Milliy” telekanalida namoyish etiladigan “Pomidor doʻppi” multfilmi muallifi hisoblanadi.

Rezident maqomi qanday imtiyozlar beradi?

Rezident maqomi barcha turdagi korporativ soliqlardan ozod qiladi. Xususan, norezidentlar korporativ soliqni 4-15% miqdorida toʻlaydilar, rezidentlar esa undan ozod qilingan. Norezidentlar uchun ijtimoiy soliq 12%, rezidentlar uchun 0%. Norezidentlar uchun daromad soligʻi 12%, rezidentlar uchun esa 7,5%. Norezidentlar uchun xizmatlar importi uchun QQS mavjud, rezidentlar uchun esa yoʻq.

Qanday qilib IT Park rezidenti boʻlish mumkin?

Rezidentlik uchun ariza topshirish uchun kompaniyaning ERI kaliti yordamida my.it-park.uz saytidagi shaxsiy kabinetingizga kirishingiz kerak. “Arizalar” boʻlimida Ekspert kengashi tomonidan koʻrib chiqilishi uchun biznes-reja taqdim etilishi zarur. Koʻrib chiqish muddati: 15 ish kuni.

IT Park rezidentlarining toʻliq roʻyxati bilan havola tanishish mumkin.

2024-03-12