Kibersport bo‘yicha ” keng ko‘lamli “Uzbekistan Esport Championship” turniri boshlanmoqda

3-apreldan kibersport boʻyicha Oʻzbekistonning sovrin jamgʻarmasi 332 000 000 soʻmni tashkil qiluvchi eng yirik turniriga roʻyxatga olish boshlanadi!

Turnirdan koʻzlangan asosiy maqsad – kibersportchilarning kibersport yoʻnalishi boʻyicha koʻnikmalarga ega boʻlishi va takomillashtirishiga boʻlgan motivatsiyasini oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishni keng ommalashtirish va sportchilarni yagona tizimga birlashtirishdan iborat.

Turnir Cybergame.uz platformasida CS:GO, DOTA2, PUBG Mobile, FIFA, eFootball kabi sport yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladi.

Turnir quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:

  1. Har bir hududda tuman (shahar) onlayn kvalifikatsiyalari;
  2. Yarimfinal kompyuter klubida oflayn formatda;
  3. Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Oflayn formatdagi grand final.

Turnirda 16 yoshga toʻlgan va OneID tizimi orqali Cybergame.uz portalida roʻyxatdan oʻtgan hamda respublika fuqarosi boʻlgan har bir oʻyinchi ishtirok etishi mumkin.

Roʻyxatga olish 3-apreldan boshlanib 10-aprelgacha davom etadi.  Saralashning keyingi bosqichlari haqida ko'proq ma'lumot keyinroq taqdim etiladi.

Turnir Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, shuningdek, IT-Park direksiyasi va Oʻzbekiston kibersport assotsiatsiyasi koʻmagida oʻtkaziladi.

Batafsil maʼlumotni havolada olishingiz mumkin: http://www.cybergame.uz/

 

2023-04-03