Koreya Respublikasida raqamli iqtisodiyot va e-Govʼni rivojlantirish boʻyicha ikkita memorandum imzolandi

2022-yilning 12–16-dekabr kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri orinbosari Jamshid Egamberdiyev boshchiligidagi Ozbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasida amaliy tashrif bilan boldi. Delegatsiya tarkibiga IT Park Uzbekistan mintaqaviy rivojlanish boyicha direktor orinbosari Fayzulla Aripjanov va AKT vazirligi mutaxassislari ham kirdi.

Safar doirasida delegatsiya Koreya Respublikasining katta tashkilotlari va IT-kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar otkazdi. Jumladan, Oʻzbekiston vakillari Seul meriyasiga tashrif buyurib, u yerda xalqaro hamkorlik boʻyicha direktor oʻrinbosari janob Kim Mi Sun bilan uchrashdilar va shaharni boshqarish tizimi (TOPIS) faoliyati, shuningdek, TOPIS tizimining istiqbollari va imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Yevroosiyo mamlakatlari Departamenti bosh direktori Cho Xyun Lan bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.  Uchrashuv davomida tomonlar KOICA va IT Park o‘rtasida imzolangan “Oʻzbekistonda IT Parkʼning barqaror rivojlanishi asoslarini shakllantirish va salohiyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalarini muhokama qildilar. Muzokaralar natijasida ushbu loyihani jadallashtirish bilan bog‘liq vazifalar belgilandi.

Startaplar mavzusi ham chetda qolmadi – O‘zbekiston IT-sektori vakillari Koreya fan va texnologiya startaplari ilg‘or instituti vitse-prezidenti Kim Yong Tae bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston tomoniga Koreya Respublikasida startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar haqida so‘zlab berildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi Hankook Cloud (Korea Clouds) kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari Son Bu-Kyu bilan Korea Cloudsʼni Markaziy Osiyo bozorida kengaytirish masalalari boʻyicha uchrashdi. Korea Clouds – bu veb-dizayn, dasturlash, tizim integratsiyasi va SI maʼlumotlarini oʻrganish boʻyicha asosiy xizmatlarni taqdim etuvchi biznes jarayonlari autsorsingi va IT-autsorsingga ixtisoslashgan kompaniya. Kompaniya IT Park Uzbekistan rezidenti hisoblanadi.

Safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasida elektron hukumatni yanada rivojlantirish, moliyaviy texnologiyalarning Koreya moliya sanoatiga ta’siri va startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritilgan tadbirda ham ishtirok etdi.

Safar yakunlari boʻyicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ikkita oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Koreya davlat boshqaruvi va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Han Chang Sob bilan “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya ekspert guruhini tashkil etish” loyihasini davom ettirish toʻgʻrisida birinchi hujjat imzolandi. Ikkinchisi esa – Koreya Moliyaviy texnologiyalar markazi raisi Pyon Yong Han bilan moliyaviy texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik va tajriba almashish toʻgʻrisida edi.

 

2022-12-19