Koreyaning eng yirik BPO-kompaniyasi KSJOB.Inc O‘zbekistonda ofis ochishga tayyorlanmoqda

IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova “KSJOB.Inc” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida kompaniya mutaxassislarni sinov tariqasida ishga qabul qilishni boshlaganini e’lon qildi: yaqin kunlarda koreys tilini C1 darajasida biladigan va tez terishga qodir (daqiqasiga 200 tagacha belgi) 30 nafar nomzod tanlovdan o‘tib, “KSJOB.Inc” bilan ishlashni boshlashi mumkin.

KSJOB.Inc Janubiy Koreyadagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish va aloqa markazlari sohasidagi yetakchi yechimlar ta’minotchisi hisoblanadi. 1998-yilda asos solingan bu kompaniya moliya, chakana savdo va davlat sektori kabi turli sohalardagi 120 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi va 7200 dan ziyod xodimni ish bilan ta’minlaydi. “KSJOB.Inc” o‘zining aloqa markazlari texnologiyalarini, jumladan, sun’iy intellektga asoslangan yechimlar, nutqni aniqlash va bulutli CRM platformalarini ishlab chiqadi, barcha aloqa kanallari orqali mijozlarga yuqori sifatli yordam ko‘rsatadi. Kompaniyaning 2024-yildagi daromadi 210 million dollardan ko‘proqni tashkil etdi.

Shuningdek, kompaniya yaqin kunlarda O‘zbekistonda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlashini ma’lum qildi. Bu jarayon “KSJOB.Inc” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish uchun muhim qadam bo‘ladi.

Bundan tashqari, “KSJOB.Inc” vakillari 30-iyun kuni Farg‘onaga qilgan tashrifi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular mahalliy mutaxassislarning yuqori malakasidan hayratga tushganliklarini ta’kidlab, tashrifni tashkil etgani va mintaqada muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan BPO-kompaniyalari ishi bilan tanishish imkoniyati uchun IT Park’ga minnatdorchilik bildirdilar.

Mahliyo Muksinova ta’kidlaganidek, IT Park kompaniyani Farg‘onada kadrlar tayyorlash va o‘qitishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Xususan, o‘zbekistonliklar uchun koreys tili kurslarini ochish rejalashtirilmoqda. Bu kurslarni tamomlagan yoshlar “KSJOB.Inc” jamoasiga qo‘shilishlari va xalqaro BPO-loyihalarida ishlashlari mumkin bo‘ladi.

IT Park Uzbekistan yangi ish o‘rinlarini yaratish va o‘zbekistonliklarning biznes jarayonlari autsorsingi bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali global kompaniyalar va investorlarni jalb qilishni davom ettirmoqda. “KSJOB.Inc” bilan hamkorlik nafaqat koreys tilini biladigan mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshirishi, balki O‘zbekistonning jahon BPO sanoatiga integratsiyalashuvining muhim bosqichi bo‘lishi kutilmoqda.

“KSJOB.Inc” kompaniyasi hozirgi kunda Koreya autsorsing aloqa markazlarini avtomatik tarjima texnologiyalaridan foydalangan holda xorijda targ‘ib qilmoqda. Agar siz koreys tilini bilsangiz, TOPIK bo‘yicha 4-darajaga ega bo‘lsangiz va bir daqiqada 200 tagacha koreys tilidagi belgini tera olsangiz, quyidagi raqam orqali rekruterga murojaat qiling: +998 50 977 98 65.

2025-07-03