Latviyaning “Shipleart” kompaniyasi IT Parkʼning YIʼdagi rasmiy vakiliga aylandi

2022-yil 9-fevral kuni Latviya Respublikasi hukumat va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Latviya biznes forumi doirasida IT Park va Latviyaning “Shipleart” kompaniyasi (AP Holding) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

“AP Holding” – 2009-yilda Rigada (Latviya) tashkil etilgan xolding kompaniyasi turli biznes yoʻnalishlarini, jumladan, Sharqiy hamkorlik mamlakatlari, YeI va AQSh vektorlarida axborot texnologiyalari va innovatsiyalarni joriy etish va rivojlantirish ustida ishlamoqda.

Imzolangan memorandum IT Park rezidentlarining Yevropa Ittifoqi bozorlarida eksport salohiyatini rivojlantirish, Yevropa Ittifoqi mablag‘larini jalb qilishda yordam olish, hamda, IT Park Uzbekistan rezidentlarining loyihalarini venchur moliyalashtirish imkonini beradi.

Memorandum doirasida tomonlar IT Parkʼning Yevropa Ittifoqidagi rasmiy vakili sifatida “Shipleart” (AP Holding) orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida IT Park manfaatlarini himoya qilishga kelishib oldilar.

Biznes-forum doirasida “AP Holding” boshqaruvi raisi Aleksandr Petrov Latviya va butun Yevropa bozorlariga chiqishdan manfaatdor bo‘lgan “BITWISE” MChJ, “SMARTCHAIN” MChJ, “NAPA AUTOMOTIVE” MChJ, United IT Company” MChJ, “Online Service Group” MChJ va boshqa kabi 15 ta IT Park rezident-kompaniyalari bilan uchrashdi.

Qayd etish joizki, IT Park xorijiy davlatlarga IT-xizmatlari eksportini oshirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.  Masalan, 2020-yilda IT-xizmat va mahsulotlar eksporti hajmi – 16,3 million dollarni, 2021-yil oxiriga kelib esa – 40 million dollarni tashkil etdi.  2022-yilning oxirigacha IT Park eksport hajmini – 100 million dollardan, 2025-yilda esa – 500 million dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Ishonchimiz komilki, ikki respublika tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yaratish va mustahkamlash muhim voqea va Oʻzbekiston IT-kompaniyalarini xalqaro bozorlarga olib chiqish yoʻlidagi katta qadam.

2022-02-11