2024-yilning 28-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov “Lesta Games” kompaniyalar guruhi rahbari Malik Xatajayev bilan Oʻzbekistonda oʻyin sanoatini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
“Lesta Games” — video oʻyinlarni ishlab chiqish va nashr etishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniyalar guruhi. Guruh portfelidan dunyoga mashhur loyihalar, jumladan “Mir Tankov”, “Mir Korablei” va “Tanks Blitz” oʻyinlari oʻrin olgan.
Oʻzbekistonda kompaniyalar guruhi manfaatlarini IT-xizmatlar va mahsulotlarning eng yirik eksportchilaridan biri hisoblangan, 60 dan ortiq mutaxassislar faoliyat yurituvchi IT Park rezidenti — “East Games” kompaniyasi ifodalaydi.
Uchrashuvda Oʻzbekistondagi oʻyin sohasini rivojlantirish borasida erishilgan salmoqli yutuqlar qayd etildi. 2023-yil yakuniga koʻra IT Park rezidentlari $49 millionlik oʻyin mahsulotlarini eksport qilishdi, bu esa 2022-yilgi koʻrsatkichga nisbatan 3,7 barobar koʻpdir.
Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari IT va autsorsing kompaniyalari uchun yaratilgan imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash dasturlarini muhokama qildilar hamda mamlakatning kadrlar salohiyati va Oʻzbekistonni IT sohasida global biznesni rivojlantirish uchun jozibador davlatga aylantiradigan boshqa afzalliklarni eʼtirof etishdi.
Bundan tashqari, uchrashuv qatnashchilari 1000 dan ortiq hukumat va davlat resurslarining faoliyatini taʼminlovchi hamda .UZ domen zonasini boshqaruvchi “UZINFOCOM” Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integratorga tashrif buyurishdi.
“Lesta Games” kompaniyasi vakillari, oʻz navbatida, Oʻzbekistonga xorijiy korxonalarni jalb qilish, mutaxassislar malakasini oshirish va IT-xizmatlar eksportini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz taklif va qarashlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston oʻyin sanoatining rivojlanishidagi muhim bosqich boʻlib xizmat qildi. “Lesta Games” va ushbu sohadagi boshqa jahon yetakchilari bilan qilinadigan hamkorlik iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiribgina qolmay, balki yangi ish oʻrinlari yaratish, kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish va mamlakatning oʻyin sohasidagi obroʻsini jahon sahnasida mustahkamlashga yordam berdi.
2024-03-29