Malayziyaning “Canaan Communications” rahbariyati bilan O‘zbekistonda kompaniyaning ofisini ochish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park delegatsiyasi, Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Jamol Maksudov boshchiligida, Malayziyaga xizmat safarini yakunladi.

Tashrif davomida Malayziyaning “Canaan Communications” IT kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarning asosiy maqsadi - hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi salohiyatini ilgari surish.

Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park vakillari yaqinda “Canaan Communications” kompaniyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyurishdi. Ular kompaniya asoschisi Rahul Chalam va biznes operatsiyalari direktori Vinod Prasad bilan uchrashdilar.

Canan Communications – Malayziyadagi jadal rivojlanayotgan autsorsing kompaniyasi boʻlib, mamlakatdagi yetakchi IT-yechimlar ishlab chiquvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya xizmat koʻrsatish markazlari, dasturiy taʼminot ishlab chiqish, sunʼiy intellekt yechimlari, oʻqitish va rivojlanish, marketing boʻyicha konsalting sohalariga ixtisoslashgan. Kompaniyada 250 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi va ular Malayziya, Singapur, Avstraliya, Shimoliy Amerika, Germaniya, Tailand, Indoneziya va Filippindagi mijozlarga xizmat koʻrsatishadi.

Uchrashuvda kompaniyaning xalqaro miqyosda kengayishi uchun Oʻzbekistonda “Canaan Communications” ofisini ochish va IT Park rezidenti maqomini olish imkoniyatlari muhokama qilindi. 0% korporativ daromad soligʻi kabi soliq imtiyozlari hamda “Zero Risk” dasturi doirasida Oʻzbekistonda aloqa markazini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi Malayziya kompaniyasi vakillarini 24-iyul kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Global Business Services Forum” tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.

2024-06-06