Koʻpchilik tomonidan sevilgan “Relokant bilan suhbat” rukni O‘zbekiston haqida xorijliklar nigohi bilan hikoya qilishda davom etadi.
Bugun IT Parkʼga iTransitionʼda dasturiy taʼminot yaratuvchisi Yevgeniy Aveltsev tashrif buyurdi. U 35 yoshda, Arxangelskda tugʻilgan, ammo umrining koʻp vaqtini Sankt-Peterburgda oʻtkazgan.
U oʻz faoliyatini 19 yoshida boshlagan. Yirik kompaniyada ishladi, ammo keyin xalqaro katta dasturlash olamida o‘z kuchini sinab ko‘rmoqchi boʻldi. Shunday qilib, u hozirda ishlayotgan iTransitionʼga keldi.
Yevgeniy O‘zbekistonga joriy yilning aprel oyida ko‘chib kelgan. Suhbat qahramoni ta’kidlaganidek, hamkasblari va do‘stlarining aksariyati Gruziyaga ketishgan, biroq uni quyoshli Toshkentga tortgan.
“Men turli yoʻnalishlarni koʻrib chiqdim va barcha mamlakatlar haqida maʼlumot qidirdim: barcha statistikani oʻrganib chiqdim, iqtisodiy vaziyatga qaradim, oʻz soʻrovlarimni hayotimda koʻrishni xohlagan narsalar bilan taqqosladim. O‘zbekiston esa mening barcha talab va ehtiyojlarimni qondirdi”.
Yevgeniyning tanishlari orasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan va bundan mamnun bo‘lgan odamlar ham bor. Ular mamlakat haqida juda yorqin va chiroyli qilib aytib berishdi, bu esa uni tanlovning toʻgʻriligiga ishontirdi.
“Inson biror joyga ko‘chishga majbur bo‘lganda, shubhasiz, u ijtimoiy moslashuv muammosi haqida o‘ylaydi. Boshqa davlatda “oʻzinikiday boʻlish” uchun siz ushbu mamlakatning tilini bilishingiz kerak. Shu bois, meni O‘zbekistonni tanlashimga ishontirgan yana bir jihat – jamiyatning rusiyzabonlarga nisbatan sodiq munosabati bo‘ldi. Bu yerda oʻzimni begonadek his qilmayman va men uchun bu juda muhim”.
Mutaxassisning fikriga koʻra, O‘zbekiston IT-sanoati to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda.
“Bu yerda IT-sanoati istiqbolli soha ekanligini ko‘rib turibman. Mamlakatning IT-sohasi ideal tarzda qanday rivojlanishi kerakligini tasavvur qilsak, Oʻzbekiston bu idealga yaqin”.
IT Park Yevgeniyda yaxshi taassurot qoldirdi. Toshkentga endigina kelganida uni tashkilot xodimi kutib oldi. Yevgeniyni bunday roʻyixush kutib olishdan taʼsirlandi: oʻsha paytda u kimdir yordam qoʻlini choʻzishga tayyor boʻlishi qanchalik muhimligini angladi.
“Men begona mamlakatga keldim va shaharda moʻljal ololmadim. Boshida kimningdir yordamisiz juda qiyin – hech boʻlmaganda aeroportda kutib olish va mehmonxonagacha yetib olish uchun koʻmak kerak. Bu juda quvonarli boʻldi. IT Park menga uy topishda ham yordam berdi va bir necha kun ichida biz hamma narsani rasmiylashtirdik va joylashib oldik. Biroq eng muhim yordam shundaki, IT Park hatto mavjudligi. Demak, davlat IT yoʻnalishidan manfaatdor ekanligini anglatadi”.
IT Park majmuasi ham qahramonni befarq qoldirmadi. Nahotki shunday ham boʻladimi, 2020-yilda boshlangan qurilish 3 yildan kam vaqt ichida to‘liq foydalanishga yaroqli zamonaviy, ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega binoga aylanishi mumkinmi, deya hayratda qoldi qahramon.
“Men uchun bu hayratlanarli darajada yoqimli hodisa. Agar mamlakat bunday kurs olib, shunday majburiyatlarni bajarsa, unda bunday mamlakatga ishonish mumkin. IT Park mavjudligi va tashkilot tomonidan qoʻllab-quvvatlov ularning men bilan ishlashdan mamnun boʻlishlarini bildiradi”.
To‘g‘ri, internet sifatini rivojlantirish kerak, deya qo‘shimcha qildi u. Rukn mehmoni uy simsiz interneti nisbatan sust ishlayotganini, biroq mobil internet sifati asosan yaxshi ekanini aytadi.
“Afsuski, men ham elektr taʼminotidagi uzilish muammosiga koʻp duch kelganman. Garchi u juda uzoq davom etmagan boʻlsa-da, lekin u ish daqiqalari uchun sezgir. Bu borada ish olib borilayotganligini bilaman va umid qilamanki, mamlakatda bu muammo hal qilinadi. Bank xizmatlari sifati haqida hali ham savollar bor, men boshqa darajaga o‘rganganib qolgan edim. Rossiyada bank tizimlari bilan ishlashda oʻzimni qulayroq his qilaman”.
O‘zbekiston o‘z go‘zalligi va me’morchiligi bilan qahramonimizni zabt etdi.
“Sankt-Peterburgdan ketganimda, qorli qish hali ham sezilib turgan edi va yorqin Toshkentga kelib, maftunkor bahor muhitiga tushib qoldim. Sankt-Peterburgda quyoshli kun – bayramdir, lekin bu yerda men quyoshli ob-havo va iliqlikdan zavqlanaman. Bu yerda hamma narsa shunchalik jonli, yashil, yorqin. Shu bilan birga, zamonaviy uslub va anʼanaviy arxitektura shu qadar uygʻunlashganki, va tushunib yetdim: men ushbu shaharni sevib qolyapman. Men sayr qilishni, qiziqarli koʻchalarni izlashni va shunchaki shahar muhitida boʻlishni yaxshi koʻraman. Bu yerda hamma narsa oʻylanganidek, ko‘kalamzorlashtirilgan bunday ko‘katlarni tomosha qilishdan mamnunman, shaharni ko‘rkam qiladigan sug‘orish tizimi menga yoqadi. Quvonchim yuragimga sigʻmay ketyapti”.
Boʻsh vaqtida Yevgeniy oilasi bilan yoki yolgʻiz sayr qilishni yaxshi koʻradi. Ular Toshkentdagi barcha istirohat bog‘lariga borishdi, eng koʻp esda qolarli bu quyidagilar boʻldi: “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Alisher Navoiy bog‘i, Magic City va hayvonot bog‘i.
“Meni makon, ajoyib goʻzal joylar, yashil maydonlar, oʻyin maydonchalari boʻlgan ulkan hudud zavqlantirdi. Umuman olganda, Toshkentda bolalarning dam olishi uchun bola orzu qiladigan hamma narsa mavjud. Bolaligimni eslayman, lekin bizda bunday daraja boʻlmagan. Yana shuni taʼkidlaymanki, Toshkentda mening tugʻilib oʻsgan shahrimga nisbatan ancha yaxshi tashkil etilgan bogʻlar bor”.
Yevgeniyning otasi ham o‘g‘lini ko‘rgani Toshkentga kelgan. фMutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, otasi shaharning jozibasini koʻrib, Toshkentni sevib qolgan. Oila mamlakat boʻylab sayohat qilish marshrutlarini muhokama qilmoqda.
Bundan tashqari, rukn mehmoni mamlakat aholisidan mamnun. U o‘zbekistonliklarni mehmondo‘st, samimiy, mehribon insonlar, yoqimli suhbatdoshlar deb biladi. Yevgeniyda bir marta mashinada narsalari qolib ketgan va tez orada unga hamma narsa beshikast qaytarilganligini eslaydi. Bu yerda, davom ettiradi u, turgan gapki oʻzaro munosabatlarda saranjom kishilar singari, insoniy, toʻgʻri yoʻl tutish kerak.
Oʻzbekistonda har qadamda yoqimli vaziyatlar kuzatilmoqda, – deydi Yevgeniy.
“Sankt-Peterburgda yashaydigan joyingizda qo‘shnilaringizni bilish noyob holat, ammo bu yerda esa qoʻshnilaringizni bilmaslikning oʻzi g‘alati. Bunday munosabatda boʻlish juda yaxshi. Bu yerda odamlar bir-biriga gʻamxoʻrlik qilishadi, bir-biriga ishonadilar. Yaqinda bir kuryer keldi, u, maʼlum boʻlishicha, Sankt-Peterburgda 20 yil yashagan va bundan oldin men kelgan hududda harbiy xizmatni oʻtagan. U men bilgan hududlarni biladi, men koʻrgan barcha joylarni ham koʻrgan. Biz kontaktlarimiz bilan almashdik, juda samimiy suhbatlashdik. O‘zbek xalqining samimiyatini baxolash qiyin”.
Ehtimol, qahramon taʼkidlagan asosiy kamchilik – bu byurokratik xarakterdagi muammolar.
“Byurokratiya oʻzining hasratli koʻrinishlarida aniq mavjud va xizmatlar sifatini oshirish kerak. Ushbu yoʻnalishdagi kamchiliklar IT sohasining rivojlanishi haqidagi umumiy taassurotni biroz buzadi. Shu bilan birga, hatto davlat xizmatlarini ham Click ilovasi orqali toʻlash mumkinligi meni hayratda qoldirdi, shu bilan birga Sankt-Peterburgdagi baʼzi davlat xizmatlari uchun toʻlovni amalga oshirayotganda men noqulay terminallardan foydalanishga va juda koʻp maʼlumotlarni faqat qoʻlda kiritishim kerak edi”.
Haydovchilar va haydash uslubi – bu Yevgeniyni dastlab yoqimsiz hayratga solgan yana bir punkt.
“Aytib oʻtshim kerak, dastlab mahalliy haydash uslubi meni qoʻrqitdi. Keyin baxtsiz hodisalar nisbatan kamligini koʻrdim, bu meni hayratda qoldirdi. Statistika bilan tanishdim va bu yerda baxtsiz hodisalar kamroq ekanligi maʼlum boʻldi. To‘g‘risini aytsam, piyodalar o‘tish joylari yetarli emas, haydovchilar har doim ham piyodalarni o‘tkazib yubormasligini ham payqadim, lekin vaqt o‘tishi bilan bu holat o‘zgaradi deb o‘ylayman, chunki haydash madaniyati darajasini oshirish tendentsiyasi kuzatilmoqda”.
Ammo yoʻllar yaxshi taassurot qoldirdi. Yevgeniyning aytishicha, haqiqat kutilganidan ham oshib ketgan.
“Yo‘llar yaxshi asfaltlangan. Sankt-Peterburgda har bahorda asfalt qor bilan birga tushib ketadi, degan hazil bor va bu hazil oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan. Bu yerda hamma narsa vijdon bilan amalga oshiriladi, ham taʼmirlanadi, ham tuzatiladi. Shaxsan men ajoyib yoʻllarni koʻryapman”.
O‘zbekiston milliy taomlarini eʼtiborsiz qoldirolmadik. Maʼlum boʻlishicha, behuda emas. Yevgeniy mahalliy taomlardan shunchalik mamnun ediki, u bu haqda deyarli sheʼriy shaklda oʻz fikrini bildirdi.
“O‘zbekiston taomlari sehrli ko‘rinishdir. Bu ong holatini butunlay qonuniy ravishda oʻzgartirishi mumkin boʻlgan narsa. Bunda sanʼat koʻp va ushbu sanʼat hech kimni befarq qoldirmaydi. Men barcha joylarga borib, sinab koʻrmoqchiman, shunday gastronomik tadqiqotlar oʻtkazmoqchiman. Aslida, odamlar yaxshi hamda sifatli ovqatni yaxshi koʻradilar va Oʻzbekistonda ushbu planka juda yuqori. Va ovqatlanadigan joylarga kelganingizda, sizni oʻzgacha maxsus nimadir kutayotganini bilasiz”.
Yevgeniyning taʼkidlashicha, oʻzbek oshxonasi taassurotlarning ulkan poydevorini yaratadi. Shuningdek, u O‘zbekistonda odamlar nega bunchalik mehribon va tabassumli ekanliklarini tushunishini qo‘shimcha qildi: ovqat – bu eng yaxshi antidepressant, bu yerdagi kabi mazali taomlar esa ilhom baxsh etadi va yaxshi kayfiyatni koʻtaradi.
U Sankt-Peterburgda o‘zbek oshxonasini tatib ko‘rdi. Rukn mehmoni tan olganidek, u odatda Osiyo taomlarini yaxshi koʻradi.
“Aytishim mumkinki, hamma taomlar ham meni baxtli qila olmaydi, lekin Markaziy Osiyo taomlari mening baxt darajamni oshirishi kafolatlangan. Men uchun Oʻzbekiston oshxonasining sevimli taomini tanlash qiyin, chunki men deyarli barcha taomlarni sanab oʻtishim kerak. Bir kuni hujjatlar bilan bogʻliq ishlarni tezda tugatdim, boʻsh vaqtim koʻp edi va men eng yaqin bogʻga borishga qaror qildim, bu Yapon bogʻi edi. Yoʻlda somsa oldim va hatto ishonmadim: bu qanchalik mazali ekan! Ha, bu Mishlen taomlari, qanday qilib bu qadar hayratlanarli darajada mazali boʻlishi mumkin?!”
Meva va sabzavotlar ham Yevgeniyni qoyil qoldirdi. Qahramon taʼkidlaganidek, ular quyosh nuriga toʻlib, shu unumdor zaminda oʻsganligi sababli nihoyatda mazali. Uning tan olishicha, yozda tarvuz va qovunni ham tanlamagan, chunki bu yerda mazasizlar yo‘q.
“Bizga mahalliy bozorlar ham yoqdi. Ular juda chiroyli va oʻziga xos. Men barcha qatorlar boʻylab yurishni, ziravorlarning xushboʻy hidlarini hidlashni va savdolashishni xohlar edim. Menga savdolashish ham yoqdi, bu muloqotning oʻziga xos shakli va qiziqarli tajriba”.
Yevgeniy va uning oilasi hozircha shu yerda yashashni rejalashtirmoqdalar.
“O‘zbekistonda o‘zimni qulay va yaxshi his qilyapman. Til toʻsigʻi bilan bogʻliq muammolar yoʻq: bu yerda hamma rus tilida gaplashadi yoki hech boʻlmaganda uni tushunadi. Menda oʻzbek tilini oʻrganish istagi bor, tez orada ushbu xohishimni oʻzlashtiraman deb oʻylayman. Hozircha biz shu yerda yashaymiz, keyin esa ko‘ramiz. Va men oʻzim bilan ushbu ajoyib mamlakatning eng iliq quyoshli xotiralarini va, albatta, mahalliy hunarmandlar tomonidan yaratilgan goʻzal narsalarni olib ketaman!”
2022-11-24