May oyi natijalari: eksportchi rezidentlar soni 42 ta kompaniyaga ko‘paydi, ulardan 29 tasi xorijiy kapital ishtirokida

Oʻzbekiston xalqaro bozorda IT-autsorsing markazi sifatidagi oʻz mavqeyini mustahkamlashda davom etmoqda. Xorijiy kompaniyalar tomonidan respublikaning IT sohasiga qiziqish ortib borayotgani, shuningdek, mahalliy rezidentlarning xorijiy mamlakatlarga eksporti faol oʻsib borayotgani buning dalilidir.

May oyi yakunlariga koʻra, eksportga yoʻnaltirilgan 42 ta kompaniya IT Park rezidentiga aylandi, xususan ulardan 26 tasi AQSH, Niderlandiya, Fransiya, Ispaniya, Estoniya, Buyuk Britaniya, Litva, Janubiy Koreya, Xitoy kabi xorijiy mamlakatlar kapitali ishtirokida. Shu tariqa, bugungi kunda eksportchi rezidentlarning umumiy soni 727 tani, xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar esa 498 tani tashkil etdi.

Yangi rezidentlarning asosiy faoliyati: SaaS modeli boʻyicha mahsulotlarni eksport qilish (10 ta kompaniya), dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va buyurtma asosida dasturiy mahsulotlarni yaratish (10), dizayn va multimedia (1), shuningdek, autsorsingga yoʻnaltirilgan biznes jarayonlarni optimallashtirish xizmatlari va oʻquv kurslari (21).

Yangi eksportchi rezidentlar AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya, BAA, Turkiya, APAC mintaqasi mamlakatlari va MDH davlatlariga xizmat koʻrsatishni rejalashtirmoqda.

Taʼkidlash joizki, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya singari Osiyo mamlakatlari tomonidan Oʻzbekistonning IT-sektoriga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Mazkur mintaqadan tobora koʻproq kompaniyalar IT sohasiga sarmoya kiritish va mamlakatimiz eksportini koʻpaytirish uchun oʻzlarining asosiy jarayonlarini autsorsing qilish maqsadida mamlakatimiz bozoriga kirib, hamyurtlarimizni ish bilan taʼminlamoqda.

Xitoyning “ZTE REGIONAL SERVICE CENTER” kompaniyasi markazlashtirilgan tarzda IT-konsalting, sinovdan oʻtkazish va buyurtma uchun dasturiy taʼminot ishlab chiqish xizmatlarini taqdim etish uchun Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochmoqda. Dastlab “ZTE” Xitoy va Qozogʻistonda ish olib borishni hamda kelgusida kengayishni rejalashtirgan.

Yangi 42 ta eksportchi kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan biznes-rejalarga koʻra, yil oxiriga kelib xorijda koʻrsatilayotgan xizmatlarning umumiy hajmi 28,7 million dollarga yetadi, Oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun yaratilgan ish oʻrinlari soni esa 1200 tadan oshadi. Bu, oʻz navbatida, mamlakat aholisining farovonligini yaxshilashga va mahalliy mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga, shuningdek, ularning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.

Jumladan, Saudiya Arabistonining “DATA VOLT DIGITAL INFRASTRUCTURES” kompaniyasi Oʻzbekistondan xodimlarni yollashga muvaffaq boʻldi va yanada kengayishni rejalashtirmoqda. Kompaniya axborot xizmatlari va maʼlumotlarni saqlash boʻyicha konsalting xizmatlariga ixtisoslashgan.

Buyurtma asosida dasturiy mahsulotlar, dizayn va multimedia mahsulotlarini ishlab chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi Janubiy Koreyaning “WEAYAA” kompaniyasi oʻzbek grafik dizaynerlarining malakasini yuqori baholadi — Oʻzbekistonlik 10 nafar mutaxassis allaqachon mazkur kompaniyada ish bilan taʼminlangan, joriy yil oxiriga qadar kompaniya yana 30 ta qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratishni rejalashtirmoqda. “WEAYAA” joriy yilda qiymati 1 million dollarga teng dizayn va multimedia xizmatlarini eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Yana bir Janubiy Koreya kompaniyasi — “KOBIZ ALLIANCE” suv sifati oʻzgarishiga tezkor javob qaytarish uchun suv tozalash stansiyasining avtonom platformasiga kirishni taklif qiladi. Rezident kompaniya asosan Janubiy Koreya uchun autsorsing xizmatlarini taqdim etadi, buning uchun kompaniya mamlakat yoshlari uchun 515 nafargacha yangi ish oʻrinlari yaratishni rejalashtirmoqda, kutilayotgan eksport hajmi esa 3 million dollarni tashkil etadi.

Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan keng qamrovli dasturlar va yuqori malakali kadrlar salohiyati tufayli Oʻzbekiston autsorsing va investitsiyalar sohasidagi global oʻyinchilar uchun tobora taniqli va jozibador markazga aylanib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, yuqori haq toʻlanadigan yangi ish oʻrinlari yaratilishiga hamda IT-xizmatlar va mahsulotlar eksportining oʻsishiga, shuningdek, xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekiston bozoriga boʻlgan qiziqishini oshirishga yordam beradi, bu esa mamlakatimizni jahon IT-sahnasida talabgir boʻlishiga xizmat qiladi.

2024-06-13