Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov ishtirokida “McKinsey & Company” kompaniyasining katta hamkori Rolando Balsinde bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“McKinsey & Company” kompaniyalar guruhi butun dunyo boʻylab hukumatlar va yirik kompaniyalarga boshqaruv boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatuvchi xalqaro korporatsiya hisoblanadi.
Ayni paytda “McKinsey” dunyoning 66 mamlakatida 150 dan ortiq ofislarga ega boʻlib, bugungi kunda “McKinsey” xodimlarining umumiy soni 40 000 nafardan ortiqni tashkil etadi. Boshqaruv konsaltingi, strategik konsalting va boshqa koʻplab toifalarda “McKinsey Vault” versiyasi boʻyicha birinchi oʻrinni egallaydi.
Uchrashuvda Oʻzbekistondagi IT sohasini rivojlantirish istiqbollari, kompaniyaning IT-eksport hajmini oshirish boʻyicha imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, axborot texnologiyalarini uzoq muddatli maqsadli rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, janob Rolando Balsindega xorijiy kompaniyalar uchun soliq imtiyozlari va IT Park Uzbekistan rezidentlarining eksport salohiyatini rivojlantirish uchun yaratilgan maxsus dasturlar haqida maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, uchrashuv chogʻida investitsiya muhitini yaxshilash, IT va xizmatlar eksporti hajmini oshirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi. “McKinsey & Company” kompaniyasi vakili mamlakat raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish uchun xizmatlar autsorsingi va elektron tijorat kabi sohalarda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish boʻyicha xalqaro tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Yetakchi konsalting kompaniyalarining Oʻzbekistonni global IT-xabga aylantirishdagi faol ishtiroki mamlakatimizga jahon texnologik maydonida oʻz mavqeyini mustahkamlashga, shuningdek, innovatsion texnologiyalar va autsorsingni rivojlantirish sohasidagi eng jozibador joylar qatoriga kirishga yordam beradi.
2024-07-06