2025-yil 27-sentyabrda Toshkentda MDHda ilk marotaba “Web Summit Spotlight” — dunyoning eng nufuzli texnologiya forumlaridan birining maxsus formati bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan “Web Summit” bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Asosiy “Web Summit” har yili Lissabonda 70 000 dan ortiq ishtirokchini — startap asoschilari, korporatsiya rahbarlari, investorlar va tadqiqotchilarni jamlaydi. Spotlight’ning Toshkentda o‘tkazilishi Lissabon, Rio-de-Janeyro, Vankuver, Gonkong va Doha kabi shaharlarni qamrab olgan “Web Summit” ekotizimi geografiyasini kengaytirdi hamda mintaqaga global aloqalar, sarmoya va bilimlardan bevosita foydalanish imkoniyatini yaratdi.
Web Summit Spotlight — kelajak darvozasi
Dasturni O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov ochib berdi. U o‘z nutqida sammit O‘zbekiston global raqamli iqtisodiyotda bosqichma-bosqich muhim o‘rin egallab borayotgan “kelajak darvozasi” ekanligini ta’kidladi.
“Web Summit” maxsus loyihalarining ijrochi prodyuseri Kiara Xeyli, Markaziy Osiyo va MDHdagi ilk tadbir — “Web Summit Spotlight: Uzbekistan”ni ochib, uning aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi ramziy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, tadbirda 400 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, 30 dan ziyod mamlakatdan 90 nafar xorijiy mehmonning qatnashgani dunyo miqyosida mamlakatga qiziqish ortib borayotganidan darak beradi. Xeyli bugungi kunda O‘zbekiston “StartupBlink” reytingiga ko‘ra startap ekotizimining rivojlanish sur’atlari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaganini qayd etdi. Bu esa, keng qamrovli davlat strategiyasi va kengayishga tayyor ekotizim tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan tadbirkorlarning yangi avlodi shakllanayotganining yorqin dalilidir.
Spikerlarning chiqishlari
Shuningdek, xalqaro ekspertlar, venchur fondlari, tadbirkorlar va sanoat yetakchilari ishtirokida ma’ruzalar va munozaralar o‘tkazildi. Asosiy ma’ruzachilar qatorida quyidagilar bor edi:
Tadbir davomida “Plug and Play Tech Center” kompaniyasining korporativ aloqalar bo‘yicha direktori Alfredo Gomes Soriya xalqaro akseleratorning O‘zbekistondagi faoliyati tajribasi haqida so‘zladi.
“Biz bu yerda katta intilishlarni ko‘rdik. Startaplar olib kelayotgan yangilikka chanqoqlik, maqsadga intiluvchanlik va yangi imkoniyatlarni ko‘rdik. Bularning barchasi juda dadil islohotlar, yuqori motivatsiya va odatiy chegaralardan tashqariga chiqishga tayyor jamoa tufayli amalga oshmoqda.”
Bugungi xabarim oddiy: keling, birgalikda ishlaymiz. Sizda bu hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam beradigan “Plug and Play” tarmog‘i bor. Biz sizning muvaffaqiyatli bo‘lishingizni, rivojlanishingizni chin dildan xohlaymiz va biz uchun O‘zbekiston allaqachon Markaziy Osiyoning yuragida, mintaqaviy markazimiz sifatida muhim o‘rin egallagan".
Keyin, O‘zbekistonning startap ekotizimi haqidagi hisobotni auditoriyaga “StartupBlink” Ecosystem Success yo‘nalishi rahbari Katrin Kalledo taqdim etdi va O‘zbekistonning global startap ekotizimlari reytingida sezilarli yutuqlarga erishganini ta’kidladi.
“Bu yil O‘zbekiston birinchi marta global top-100 likka kirdi. 2012-yildan 2025-yilgacha mamlakat ajoyib taraqqiyotni namoyish etdi — o‘sish 89,9 foizni tashkil etib, Markaziy Osiyoda birinchi va o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Faqat Toshkentning o‘zi 132 foizdan ko‘proq o‘sdi. Boshqa hududlar bilan solishtirganda, O‘zbekistonning rivojlanish sur’atlari to‘rt baravar yuqori bo‘lib, bu mamlakatning jadal taraqqiyoti va uning jahon miqyosidagi ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.”
Venchur investitsiyalarining global tendensiyalari va ularning rivojlanayotgan bozorlarga ta’siri
Forumda venchur bozorining yetakchi mutaxassislari ishtirokida “Global Venture Investment Trends and Their Impact on Emerging Markets” mavzusida panel munozarasi o‘tkazildi. Munozaraga “GB Ventures” boshqaruv direktori Nada Shaxin moderatorlik qildi. Muhokamada “Domino Ventures” boshqaruvchi hamkori va asoschisi Mustafo Kopuk ishtirok etib, B2B va yuqori texnologiyali startaplarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi; “Rasmal Ventures” hamkori Sumaya Ben Beya Drij xalqaro hamkorlikdagi investitsiyalar va iste’dodlar hamda yangi aloqalarga ochiqlikning ahamiyatini qayd etdi; shuningdek, “Ernst & Young” (EY) kompaniyasining O‘zbekistondagi soliq va yuridik xizmatlar bo‘yicha direktori Aleksey Kolegov moslashuvchan tartibga solish vositalari va mamlakatni xorijiy investorlar uchun yanada jozibador qiladigan ijobiy islohotlar zarurligi haqida so‘zladi.
Breaking Borders, Building Futures
“HUPO hammuassisi Beknazar Abdikamalov o‘z startapining rivojlanish yo‘lini taqdim etib, kompaniyaning wellness sohasidagi startapdan “Sephora”, “KPMG” va “Oracle” kabi korporatsiyalar allaqachon qo‘llayotgan real vaqt rejimidagi AI-kouching yechimlarini yaratishgacha bo‘lgan transformatsiyasi haqida so‘zlab berdi.
U HUPO yetakchi jamoalar uchun global operatsion tizimga aylanishga intilayotganini va xalqaro bozorga kengayishga erishgan O‘zbekiston startapining yorqin namunasi ekanligini ta’kidladi. Kompaniya allaqachon 4 million dollar miqdoridagi investitsiyalarni “Meta”, “Goodwater Capital”, “January Capital”, “Strong Ventures” va “Collaborative Fund” kabi xalqaro fondlardan jalb qilgan.
Nima uchun Markaziy Yevroosiyo startaplariga sarmoya kiritish kerak?
Bu mavzu bo‘yicha “Why Invest in Central Eurasian Startups?” nomli panel sessiyasining ishtirokchilari o‘z fikrlarini bildirdilar. Sessiyaga “SUMA Ventures” boshqaruvchi hamkori Andrea Keyts moderatorlik qildi.
“Heartfelt Ventures” hamkori Imtiyoz Basharat startaplar va ekotizimlarning tez sur’atda o‘sishi investorlar uchun asosiy signal ekanligini ta’kidladi.
“Golden Gate Ventures” hamkori Maykl Lints asoschilar bilan dastlabki bosqichlarda ishlash va ularning xatarlarini tushunishning muhimligini alohida qayd etdi.
“Caucasus Ventures” bosh hamkori Mammad Karim mintaqadagi aloqalar va ochiqlik tufayli yuzaga keladigan bitimlar tajribasi haqida so‘zladi.
O‘z navbatida, “SABAH.fund” hammuassisi va boshqaruvchi hamkori Abbos Kazmi har bir mamlakat uchun o‘ziga xos strategiyalar ishlab chiqishga chaqirdi. U Silikon vodiysining tajribasini nusxalashga urinish o‘rniga, startaplarning muvaffaqiyati va tanilishi o‘z-o‘zidan xalqaro investorlarni jalb qilishini ta’kidladi.
Biznes kelajagi: raqamli egizaklar, sun’iy intellekt va XR texnologiyalari samaradorlik va barqarorlik drayverlari sifatida
“Web Summit Spotlight: Uzbekistan” tadbirida “Endeavor AI” asoschisi va bosh direktori Emi Pek ham so‘zga chiqdi. U raqamli egizaklar, sun’iy intellekt va XR-texnologiyalarining istiqbollari haqida gapirdi, ularning xarajatlarni kamaytirish, biznes samaradorligi va barqarorligini oshirishdagi salohiyatini ta’kidladi. Pek kompaniyalar global maydonda raqobatbardosh bo‘lib qolishlari uchun startaplar kabi fikrlashlari, innovatsion madaniyatni shakllantirishlari va asosiy biznesni rivojlantirishni kelajakka sarmoya kiritish bilan uyg‘unlashtirishlari zarurligini qayd etdi.
Rivojlanayotgan bozorlarda global korporatsiyalar uchun imkoniyatlar
Xalqaro tajriba va kengaytirish strategiyalariga bag‘ishlangan “Opportunities for Global Corporations in Emerging Markets” panelida ma’ruzachilar startaplarni rivojlantirish va O‘zbekistonning global ekotizimdagi o‘rni haqida amaliy qarashlarini baham ko‘rdilar. Muhokamaga Axel — “Georgian Business Angel Network” boshqaruvchi direktori Iro Tsageraishvili moderatorlik qildi.
Kliona Jordan (Google for Startups) mamlakatning ta’sirchan o‘sish sur’atlarini va IT Park infratuzilmasining jahon miqyosiga chiqishdagi muhimligini ta’kidladi. Ben Geren (Topham Guerin) rivojlanayotgan bozorlarda ishlashning afzalliklari va O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhitining o‘ziga xos shijoati haqida so‘zlab berdi. Valid Barsali (BallSquad, La French Tech Warsaw) O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchilik o‘rnini fransuz modeliga o‘xshash tarzda saqlab qolish zarurligini tushuntirdi. Mettyu Neff (Snoonu) kompaniyaning muvaffaqiyat tarixini namoyish etib, qat’iyatlilik, o‘sish va mijozlarga e’tibor mahalliy startaplarni xalqaro ishtirokchilarga aylantirishini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston — global IT-ekotizimining yangi markazi
IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov yakuniy nutq so‘zladi:
“Bir necha yil ichida O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan texnologik ekotizimlardan biriga aylandi. Biz IT-eksport hajmini 2017-yildagi 600 000 dollardan 2024-yilda 900 million dollarga yetkazdik. Faoliyatimizni to‘rtta kompaniyadan boshlab, global miqyosda tan olingan va yangi unicorn kompaniyalarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochadigan ekotizimni yaratdik. Bu esa yo‘limizning boshlanishi, xolos.”
Toshkentda “Web Summit o‘tkazilishi Spotlight: Uzbekistan” o‘tkazilishi nafaqat O‘zbekiston IT-ekotizimining jadal rivojlanayotganining tasdig‘i, balki uning global texnologik xaritadagi rolini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Forum hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi, investorlar, xalqaro kompaniyalar va ommaviy axborot vositalarining e’tiborini mintaqaga qaratdi, shuningdek, Markaziy Osiyo global texnologik muloqotning teng huquqli qismiga aylanishga tayyorligini ko‘rsatdi.
Tadbirning axborot hamkorlari: Aniq.uz, Daryo.uz, Frank.uz, Kursiv, Nova 24, The Tech, UzbekFintech, Weproject, Vzglyad.uz va Oriat Dono radiostansiyasi.
2025-09-27