23-sentyabr kuni IT Parkʼga Metaʼning Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyodagi boshqaruv direktori – janob George Chen va hukumat bilan ishlash boʻyicha Facebook menejeri – Aurora Lee xonim tashrif buyurishdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar IT Park faoliyati, IT-kompaniyalar, jumladan, xalqaro kompaniyalar uchun imtiyozlar, preferensiyalar va imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Ular Markaziy Osiyo katta salohiyatga ega mintaqa bo‘lsa-da, bugungi kunda hamon ko‘plab global IT-kompaniyalar tomonidan yetarlicha baholanmaganini ta’kidladilar.
Meta vakillari IT Parkʼning IT-kadrlarni tayyorlash, IT-kompaniyalar faoliyati uchun qulay infratuzilmani yaratish borasidagi faoliyatini yuqori baholadilar.
George Chen taʼkidlaganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda Facebook va Instagram foydalanuvchilari soni 10 milliondan oshdi. Shuningdek, u Metaʼning metakoinot va tegishli mahsulotlar – VR va AR konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha faol faoliyati haqida gapirdi.
Tomonlar taʼlim sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini, xususan, ITPU universiteti (IT Park University) doirasida AR va VR boʻyicha Meta kurslarini joriy etish, shuningdek, xalqaro IT sertifikatlarini olish uchun sarflangan xarajatlarni qoplash dasturiga ixtisoslashtirilgan Meta kurslarini kiritish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Meta kompaniyasining O‘zbekistonda vakolatxonasi ochilishi mumkinligi haqida kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolari xalqaro sertifikat olish uchun sarflangan mablag‘ning 50 foizigacha kompensatsiya olishlari mumkin. Kompensatsiya dasturi haqida batafsil maʼlumot olish uchun quyidagi havolaga oʻting: https://it-park.uz/uz/itpark/news/yosh-mutaxassislarga-xalqaro-it-sertifikatlar-narxining-50-foizigacha-kompensatsiya-beriladi
2022-09-23