mGovAward tanlovi doirasida Roadshow yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi va IT Park tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati va investitsiyalar va tashqi savdo Vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mGovAward davlat sektori uchun mobil ilovalarni yaratish boʻyicha tanlov doirasida Roadshow yakunlandi.

Roadshow O‘zbekiston Respublikasi yoshlarini iqtidorli va yosh dasturchilar respublika tanlovi bilan yaqindan tanishtirish, tanlov shartlari va talablarini tushuntirish, hamda, istiqbolli kadrlarni noyob IT-mahsulotlar yaratishga rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.

Dastur 2022-yil 24-fevralda Farg‘ona viloyati raqamli texnologiyalar o‘quv markazida chiqish bilan boshlandi.  Uchrashuvda 120 ga yaqin kishi qatnashdi.



Farg‘onadan so‘ng shu kuni IT Park vakillari Andijonga yetib kelishdi va u yerda bir necha yuzlab ishtirokchilardan iborat faol auditoriya oldida tanlov taqdimotini o‘tkazishdi.

Ertasi kuni, 2022-yil 25-fevral kuni mutaxassislar Namanganda so‘zga chiqib, Toshkent viloyatiga, xususan, yuzdan ortiq talabalar ishtirok etgan Astrum IT Academyʼga yo‘l olishdi.

 26 va 28-fevral kunlari IT Park Toshkent shahridagi Inha, Amity va TATU universitetlari talabalari bilan uchrashdi. Qolaversa, Guliston davlat universiteti va Jizzax shahridagi Sambhram Hindiston universitetida ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda jami 400 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi.



1-mart kuni – Samarqand va Qarshi, 2-mart kuni – Buxoro va Navoiy shaharlari yoshlari bilan uchrashuvlar tashkil etilgan bo‘lsa, 3-mart kuni – Urganch va Nukus shaharlarida IT Park vakillarining taqdimotlari o‘tkazildi. Yakuniy uchrashuv 5-mart kuni Termiz yoshlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Seminarlarni IT Park menejeri Jahongir Kagirov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligining filial rahbarlari hamda mintaqaviy boshqarmasi vakillari ishtirokida oʻtkazdi.  mGovAward tanlovi Roadshow doirasida oʻtkazilgan uchrashuvlarda jami 4000 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.



Qayd etish joizki, eng faol ishtirokchilarga IT Park tomonidan sovgʻalar, yaʼni mGovAward tanlov merchi topshirildi.



Bugungi kunga qadar tanlovda ishtirok etish uchun 800 dan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan.  Ro‘yxatdan oʻtish 2022-yil 31-martgacha davom etadi.

Roʻyxatdan oʻtish uchun havola: https://www.mgovaward.uz/

Eslatib oʻtamiz, mGovAward — davlat xizmatlari sohasida eng yaxshi mobil ilovalarni yaratish boʻyicha Respublika tanlovi.  mGovAward tanlovini o‘tkazishdan asosiy maqsad – yoshlarning davlat organlari bilan hamkorlikda ishlashga qiziqishini oshirish va davlat xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha yuqori sifatli yechimlarni ishlab chiqishdan iborat.  IT Park eng yaxshi ishlab chiqilgan yechimlarni davlat muassasalarida joriy etishda yordam beradi.  Musobaqaning mukofot jamgʻarmasi 100 ming AQSH dollarini tashkil qiladi.

2022-03-18