Mitap: Biznesni rivojlantirish va yangi bozorlar

24-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00da Liron Pinhas va Yoav Ben-Shalom ishtirokida “Biznesni rivojlantirish va yangi bozorlarga kirish” mavzusida Startup Meetup onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Mitapda spikerlar biznesni muvaffaqiyatli rivojlantirish va yangi bozorlarga kirish boʻyicha maslahatlar bilan boʻlishadilar. Shuningdek, ular marketing va undan biznesda foydalanish mavzusiga toʻxtalib oʻtadilar.

Tadbir ingliz tilida onlayn tarzda oʻtkaziladi. Ishtirok etish uchun arizani 24-may soat 12:00 ga qadar quyidagi havola orqali topshirishingiz mumkin: https://forms.gle/GTbx96oP3CsHTJvj7

Spikerlar haqida maʼlumot

Liron Pinhas – isroillik biznesmen va tadbirkor boʻlib, axborot texnologiyalari sanoati, tadbirlarni rejalashtirish va oʻtkazish, isteʼdodlarni boshqarish, kiberxavfsizlik, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va boshqa sohalarda 13 yildan ortiq boshqaruv tajribasiga ega.

Biznesni rivojlantirishga ixtisoslashgan va 20 dan ortiq mamlakatlarda isroillik kompaniyalar va isteʼdodlar uchun yangi bozorlarni ochgan, 10 dan ortiq kompaniya/biznes boʻlinmalarini tashkil etgan. Mijozlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha malakali va tajribali menejer, qator muvaffaqiyatli yordam xizmatlari va xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etgan.

Yoav Ben-Shalom – soʻnggi oʻn yil davomida Isroilning yetakchi siyosiy partiyalarining strategik darajadagi boʻlimlarida ishlagan holda hukumat darajasida ilgʻor tashqi aloqalar va inqirozni boshqarish bilan shugʻullangan. Koʻp yillar davomida u brending, marketing va foydalanuvchi tajribasiga ixtisoslashgan, yuqori texnologiyali va tadqiqot kompaniyalari, tahlil markazlari hamda vazirliklarda maslahatchi va loyiha menejeri boʻlib ishlagan.

Mutaxassis Tel-Aviv universiteti, Open University, Xolon texnologiya instituti (HIT), Yuqori texnologiyalar sohasida Xalqaro tadqiqot va innovatsiyalar markazi (NIT) kabi Isroilning turli taʼlim muassasalarida maʼruzalar oʻqib, murabbiy sifatida ish olib borish orqali oʻz tajribasi bilan boʻlishadi.

2023-05-19