Namanganda “IDU:International Digital University” nomli xalqaro OTMning filialini ochish bo'yicha muzokaralar olib borilmoqda!

Joriy yilning 20-may kuni Namanganda IT direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park delegatsiyasi, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, “Silk stars Education” asoschisi, bo‘lajak OTM investori Ibrohim Xurramov hamda “Team”  universiteti kengashi vakili, “Westminister University” prorektori Alan Frans ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuv davomida har ikkala tomon viloyatda oliy o‘quv yurtini tashkil etish uchun mo‘ljallangan bir qator obyektlar bilan tanishib chiqishdi, shuningdek, bo‘lajak universitetning Namanganda filialini ochish bo‘yicha bir qator takliflarni tayyorladi.

 

Alan Frans, o‘z navbatida, mavjud imkoniyatlarni o‘rganish va axborot texnologiyalari sohasida ishlaydigan mutaxassislar bilan muloqot qilisj mobaynida viloyatning imkoniyatlari yuqori ekanligini va kelajakda ushbu yo‘nalishda olib boriladigan chora-tadbirlar o‘zining yuqori samarasini berishini ta’kidladi.

 

Uchrashuv so‘ngida, Namangan viloyatida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritadigan “IDU: International Digital University”  xalqaro oliy o‘quv yurtining filialini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.

 

“IDU: International Digital University”  filialini ochishdan maqsad yoshlarni jahon mehnat bozorida katta talabga ega IT mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv dasturi orqali tayyorlashdir.

 

Ta’kidlash joizki, yangi OTM dastlabki o‘n yillik faoliyati davomida bakalavriat dasturlariga qabul qilinadigan talabalar sonini 5000 taga etkazishni rejalashtirmoqda.

 

Eslatib oʻtamiz, universitetning eng muhim vazifasi - bu mehnat bozorida talabgir ta’lim yo‘nalishlarini aniqlash uchun xorijiy va mahalliy kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdir. Bu esa, o‘z navbatida, universitet o‘quv dasturiga joriy etilgan paytda, talabalarni nafaqat nazariy, balki ularga o‘z sohasida kerak bo‘ladigan kompetensiya va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatini beradi. Boshqacha qilib aytganda, asosiy urg‘u nazariyaga emas, amaliyotga qaratiladi.

 

Bundan tashqari, universitet talabalari o‘zlarining shaxsiy o'quv dasturlarini shakllantirishlari mumkin, bu esa ularga bozorda eng talab qilinadigan yuqori malakali kadrga aylanishlariga imkon beradi.

 

Universitetning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri - bu o‘z sohasidagi yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalarini IT sohasidagi ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tizimi bilan birlashtirgan holda, gibrid tizimini yo‘lga qo‘yishdir. Masalan, robototexnika kursiga parallel ravishda talabalari seminarlarda o‘z robotlarini yaratish va dasturlash ustida ishlaydi.

 

Shuningdek, talabalar o‘qish davomida universitetdan olgan bilimlarini tijoratlashtirishga qaratilgan talaba startap loyihalarini yaratish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadilar. Talabalarga o‘z loyihalarini ishlab chiqishlari uchun akademik ta’til olish huquqi beriladi.

 

Shuni ham ta’kidlash joizki, Namangan shahridagi bo‘lajak OTM talabalar va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga, shuningdek, chet el mutaxassislarini xodim sifatida jalb qilish hamda OTM xodimlarining malakasini oshirishga yordam beradi. 

 

“IDU: International Digital University” filialining Namanganda ochilishi nafaqat axborot texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqadi, balki ushbu sohada yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, yosh kadrlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratish va, albatta, keng aholiga xalqaro standartlarga asoslangan zamonaviy IT-ta’limdan samarali foydalanish imkoniyati taqdim etadi.

2021-05-21