Oʻzbekistonda konsalting va IT sohasidagi yirik xalqaro ishtirokchilarni jalb qilish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti faol shakllanmoqda. IT Park vakillarining “Nexia International” mustaqil buxgalteriya va konsalting kompaniyalari xalqaro tarmogʻining bir qismi boʻlgan “Nexia Turkmenistan” kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Sergey Mineyev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi buning yana bir isboti boʻldi.
2021-yildan buyon “Nexia Turkmenistan” buxgalteriya-konsalting tarmoqlari boʻyicha jahon reytingida 13-oʻrinni egallagan “Nexia International” global tarmogʻining aʼzosi hisoblanadi. “Nexia International” 125 dan ortiq mamlakatlarda 790 ta ofisga ega boʻlib, butun dunyo boʻylab 270 dan ortiq aʼzo kompaniyalarda 26 000 nafardan ziyod xodim va 3470 nafar hamkorlar faoliyat yuritadi.
Kompaniya audit, baholash va konsalting kabi keng koʻlamli xizmatlarni taklif etadi. IT Park rezidentligi “Nexia Turkmenistan” uchun yangi imkoniyatlar ochib, Oʻzbekistonda yaratilgan qulay sharoitlar va qoʻllab-quvvatlash dasturlaridan foydalanish imkonini beradi.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yildan boshlab eksport ulushi umumiy tushumning 50 foizidan ortiq boʻlgan ikki yoki undan ortiq mamlakatga internet orqali xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar IT Park rezidenti boʻlishi mumkin.
Shuningdek, uchrashuvda IT Park Uzbekistan vakillari autsorsing kompaniyalari uchun xatarlarni kamaytirish va xarajatlarni optimallashtirishga qaratilgan rezidentlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlarini taqdim etdilar. Zero Risk dasturi “Nexia Turkmenistan” kompaniyasining alohida eʼtiborini tortdi, bu dastur Oʻzbekiston hududlarida ofislarni 12 oygacha bepul ijaraga olishni taklif qiladi. Sergey Mineyev Oʻzbekistonda ofis ochish va undan xalqaro bozorlarga chiqish maqsadida foydalanishga qiziqish bildirdi.
Oʻzbekistonda “Nexia Turkmenistan” ofisining tashkil etilishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi navbatdagi bosqichi boʻladi. Oʻzbekiston texnologik infratuzilmasining jadal rivojlanishi sharoitida bu kabi qadamlar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynaydi, respublikaning jahon bozoridagi mavqeyini mustahkamlaydi va malakali mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratadi.
2024-10-12