O‘zbekistonda IT sohasiga sarmoya kiritish nafaqat mahalliy korxonalar, balki xalqaro kompaniyalarning ham e’tiborini tortmoqda. Xorijlik hamkorlar ishtirokida yana bir IT akademiyasi ochilgani buning isbotidir.
2021-yilning 8–14-noyabr kunlari IT Park delegatsiyasining Bangladesh Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida Bangladeshdagi Amerika xalqaro universitetiga (AIUB) tashrifi chog‘ida Toshkent shahrida xalqaro IT akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilindi.
Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida 23-mart kuni IT Parkʼning Toshkent filialida “NEXTGEN ACADEMY” xalqaro IT akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Zahangir Alam, Bangladeshdagi Amerika xalqaro universiteti ta’sischi a’zosi, “NEXTGEN ACADEMY” asoschisi doktor Hasan Hasanul Abedin, Bangladeshdagi Amerika xalqaro universiteti prorektori, “NEXTGEN ACADEMY” hammuassisi doktor Lamagna Karmen Zita, Uzluksiz ta’lim institutining IT direktori, doktor Monirul Islom, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov, IT Park direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov, IT Park direktorining raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Maxliyo Muksinova, shuningdek, IT universitetlari rektorlari va Oʻzbekistonning ilgʻor IT kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.
Marosimni raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ochdi. Oʻz nutqida u ishtirokchilarni “Raqamli O‘zbekiston – 2030” Davlat dasturi bilan tanishtirdi va hujjat doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar va keyingi rejalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Vazir oʻrinbosari oʻz nutqida Oʻzbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish va eksport hajmini 1 milliard dollargacha oshirish borasida mamlakat oldida turgan vazifalar muhimligi, shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyatini taʼkidladi.
So‘ngra Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Zahangir Alam so‘zga chiqib, mamlakatda IT sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hajmi va sifatini yuqori baholadi. Uning fikricha, davlat rahbari va vazir rahnamoligida O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda va bu O‘zbekistonni IT-xabga aylantirish yo‘lidagi qadam deb hisobladi.
Shu bilan birga, janob elchi Bangladesh ta’lim tizimi va oliy ta’lim muassasalari reytingi mintaqada yuqori ekanligini ta’kidladi va qo‘shma loyiha har ikki tomon uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov O‘zbekiston delegatsiyasining Dakka shahriga amaliy tashrifi chog‘ida ta’lim tizimidagi taassurotlari va tuzilishi haqida gapirdi. Shu bilan birga, direktor Oʻzbekistonda Bangladeshning taʼlim tizimidagi tajribasini o‘tkazish kelajakda xalqaro toifadagi mahalliy IT-mutaxassislarni tayyorlashda muhim rol oʻynashini taʼkidladi.
Konferensiya davomida Uzluksiz ta’lim Institutining IT direktori Monirul Islam ishtirokchilarga butun dunyoda IT rivojini aks ettiruvchi o‘zining tahliliy taqdimotini taqdim etdi va malakali kadrlar yetishmasligi muammolarini taʼkidladi. Shuningdek, doktor Monirul Islam oʻz nutqida yangi “NEXTGEN ACADEMY” IT akademiyasi haqidagi tasavvurlari bilan boʻlishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar fikr va mulohazalar almashib, kelajakda ushbu xalqaro akademiya bilan hamkorlikda yangi yirik loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Yangi xalqaro IT akademiyasi Python institute, JS institute, Cisco Academy (NetaCad) kabi taʼlim sohasidagi xalqaro venderlarning hamkori hisoblanadi. Ushbu hamkorlik talabalarga xalqaro dasturlar boʻyicha sifatli ta’lim berish va xalqaro sertifikat taqdim etish imkonini beradi.
NextGen Akademiyasining AIUB bilan hamkorlikda tashkil etilishi Oʻzbekistonda IT sohasini rivojlantirish hamda xalqaro taʼlim va sertifikat olishni istagan mahalliy talabalar va mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Akademiya IT sohasida jahon mehnat bozorida muvaffaqiyatli raqobatlasha oladigan malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan. Talabalarga zamonaviy IT sohasida ishlash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beruvchi keng doiradagi kurslar taklif etiladi.
Bundan tashqari, “NextGen Academy” taʼlim sifatini saqlab qolish imkonini beruvchi LMS, ERP kabi ichki ishlanmalardan foydalanadi.
Taʼlimning asosiy tili ingliz tili boʻlib, bu talabalar uchun qoʻshimcha tayyorgarlik hisoblanadi, chunki sertifikatlash ingliz tilida ham olib boriladi, bu esa talabalarni xalqaro hamjamiyatda imkon qadar raqobatbardosh qiladi.
O‘qituvchilar – xalqaro standartlarga muvofiq malaka oshirish va imtihonlardan o‘tgan mahalliy IT mutaxassislari. Ular nafaqat yuqori malakali, balki IT sohasida ham katta tajribaga ega.
Bu esa talabalarga nafaqat nazariy bilimlarni, balki IT sohasida kelajakdagi karyera uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan amaliy bilimlarni ham yetkazish imkonini beradi.
2023-03-24