Nurafshon shahrida IT Park yangi filialining ochilishi

Axborot texnologiyalari sohasida soʻnggi oʻn yil ichida ijobiy rivojlanish surʼatlari kuzatilmoqda, xususan, texnologiyalar inson faoliyatining barcha sohalariga kirib bormoqda, raqamlashtirish esa iqtisodiyotning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olishga muvaffaq boʻldi.

Yoshlarni yoʻnaltirish va umuman IT madaniyatini yuksaltirish maqsadida mamlakatimizda axborot texnologiyalarining ulkan dengizida mayoq boʻla oladigan ixtisoslashtirilgan muassasalar tashkil etilmoqda.

IT Park Uzbekistan ham IT-bilimlar rivojining ana shunday mayogʻiga aylandi. Bir necha yil oldin yaratilgan tashkilot respublika IT sanoatining lokomotivi sifatida oʻzini namoyon qildi hamda mamlakatning yirik global oʻyinchilar maydoniga chiqishiga yordam berdi. Masalan, bundan besh yil avval mamlakatimizda IT eksporti deyarli yoʻq edi. 2022-yilda eksportga jalb qilingan IT Park rezidentlari soni 2,5-3 baravarga oshib, 320 ta kompaniyani, eksport hajmi esa 140 million dollarni tashkil etdi.

2022-yil yanvar-dekabr oylarida Toshkent viloyatida IT Park rezidentlari tomonidan eksport xizmatlari hajmi 165,5 ming dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yil oxiriga qadar eksport hajmini 5 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

IT sohasini butun mamlakat boʻylab rivojlantirish zaruriyatini anglab yetish lozim. Bugungi kunda mamlakatimiz boʻylab 11 ta IT Park filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Lekin bu bilan chegaralanib qolinmaydi.

Bugun, 17-mart kuni Oʻzbekiston IT-hayotida yana bir muhim voqea yuz berdi: IT Park yangi filiali bu gal Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida oʻz eshiklarini ochmoqda! Tashabbus Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Parkning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli amalga oshdi.

Ochilish marosimida  Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri  oʻrinbosari Karimjonov Rustam Olimjon oʻgʻli, Toshkent viloyati hokimi  Mirzayev Zoir Toirovich, IT Park direktorining birinchi oʻrinbosari Kuchkarov Abdulahad Maratovich, IT Park direktorining mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha director o‘rinbosari Aripjanov Fayzulla Abdullayevich ishtirok etdilar.

Filial uchun umumiy maydoni 4700 kv.m dan ortiq boʻlgan 4 qavatli yangi bino ajratildi. Mazkur majmuada 600 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Bugungi kunga kelib binoning barcha qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilgan.

1-qavatda “Raqamli yordamchi markazi” tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, uning asosiy yoʻnalishi qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, taʼlim va turizmni raqamlashtirishga qaratilgan.

Yangi filialda IT Park rezidentlari uchun 18 ta xona, Raqamli oʻquv markazi (robotexnika, dasturlash, IT uchun ingliz tili va kibersport) uchun 12 ta, filial xodimlari uchun 4 ta, majlislar uchun 4 ta, kutubxona uchun 1 ta xona ajratilgan boʻlib, ular orasida 2 ta interaktiv xona, 2 ta kovorking zonasi va 1 ta yashil hudud ham oʻrin olgan. Barcha ofis va xonalar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.

Yangi filial Toshkent viloyati yoshlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu yerda navqiron yosh avlod kompyuter savodxonligi asoslarini oʻrganishi, amaliyot oʻtashi, qiziqishiga mos ish topishi, hamfikrlar bilan uchrashishi mumkin boʻladi.

IT Park faoliyati kengayishda davom etadi. Texnologiyalar muttasil rivojlanib borar ekan, demak, oldinda koʻplab yangi loyihalar, markazlar va filiallar turibdi.

2023-03-17