NX3 Games O‘zbekistonlik GameDev mutaxassislarni yollashga qiziqish bildirdi

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi, Biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Jahongir Radjabov boshchiligida, O‘zbekistonda hamkorlik va GameDev sanoatini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida “NX3 Games” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“NX3 Games” kompaniyasi o‘yinlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanib, geymdevning har bir muhim sohasida tajribali mutaxassislarni jamlaydi. Kompaniya o‘ziga xos tezlik va aniqlik bilan ijodiy o‘yinlar yaratishga hissa qo‘shishga intiladi. “Rohan M” birinchi loyihasining global muvaffaqiyatidan so‘ng, jumladan Koreyada ham, kompaniya o‘yin sanoatida innovatsion g‘oyalarni uzluksiz ishlab chiqib, hayotga tatbiq etib kelmoqda. Kompaniyaning so‘nggi o‘yini “Lord Nine” 2024-yilda Koreya va Tayvanda mashhurlashib, chiqarilganidan atigi bir hafta o‘tgach, “AppStore” va “GooglePlay” platformalarida daromad bo‘yicha reytinglar yuqorisidan joy oldi. Kompaniyaning o‘yin chiqarilganidan keyingi birinchi oydagi daromadi 45 million dollarni tashkil etdi.

“NX3 Games” ushbu yo‘nalishdagi kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish uchun mahalliy grafik dizaynerlarni jalb qilishga qiziqish bildirdi. Dastlabki bosqichda o‘zbekistonlik mutaxassislarning malaka darajasini baholash uchun autsorsing loyihalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Agar loyihalar muvaffaqiyatli bo‘lsa, kompaniya O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, tomonlar “NX3 Games” kompaniyasining mamlakatimizda mintaqaviy savdo ofisini ochishi mumkin bo‘lgan biznes modelini muhokama qildilar. Kompaniya, shuningdek, O‘zbekistonning soliq siyosati va “Zero Risk” kabi qo‘llab-quvvatlash dasturlariga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston taklif etayotgan shart-sharoitlar “NX3 Games”ga rivojlanish va daromadini oshirish uchun jozibador imkoniyatlarni taqdim etadi.

“NX3 Games” vakillari mahalliy bozor imkoniyatlari bilan batafsil tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Ushbu hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yangi ish o‘rinlarini yaratishga va mamlakat GameDev sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shishi, O‘zbekistonni strategik markaz sifatida shakllantirishga yordam berishi kutilmoqda.

Bu mahalliy mutaxassislar uchun xalqaro loyihalar bilan ishlash va malaka oshirish uchun noyob imkoniyatlar yaratadi. O‘z navbatida, bu aholi farovonligini sezilarli darajada yaxshilashi va mamlakatda IT-ekotizimini rivojlantirishni rag‘batlantirishi mumkin.

2024-10-31