O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida “Forsayt” inkubatsiya markazi ochildi!

Joriy yilning 31-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari  universitetida inkubatsiya markazi ochildi. Ushbu markaz talabalarga g‘oyalarini amalga oshirish hamda ularni startap loyihalarga aylantirishda yordam beradi. 

Ochilish marosimida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Yusuf Absoatov, OTM rektori Ulug‘bek Azizov, Mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari va startap loyihalarning asoschilari ishtirok etdi.


Tadbir davomida mehmonlar ochilgan inkubatsiya markaz faoliyati hamda “Iman”, “Visit Uzbekistan” va “Media Design” kabi istiqbolli startap loyihalarning asoschilari bilan tanishib chiqishdi.


O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi inkubatsiya markazining faoliyati axborot texnologiyalarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimini yaratish va Respublika bo‘ylab IT ta’limning katta ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 28.04.2020 yildagi PQ-4699-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.09.2018 y. PF-5544-son “2019-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 30.10.2020-yildagi  “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarorini amalga oshirish maqsadida ishga tushirildi.

 Markazning asosiy vazifalari:

 - innovatsion loyiha yaratishga intilayotgan iqtidorli talaba, magistr va doktorantlarni aniqlash;

 - ilg‘or biznes g‘oya va ilmiy-ishlanmalarini inkubatsiya qilish;

 -  startap loyihalarini amalga oshirishda talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

 - universitetning ilmiy, texnik va texnologik ishlanmalarini tijoratlashtirishga ko‘mak ko‘rsatish;

 - innovatsion xalqaro dasturlarda ishtirok etish.
















 

2021-04-01