O‘zbekiston delagatsiyasi Malayziyada UCSI University asoschisi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi hamda vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park delegatsiyasi, Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Jamol Maksudov boshchiligida, Malayziyaga xizmat safarini yakunladi.

Tashrif davomida Malayziyaning yetakchi IT kompaniyalari va UCSI universiteti vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarning asosiy maqsadi - hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi salohiyatini ilgari surish.

UCSI universiteti asoschisi va ijrochi raisi janob Dato' Piter Ng O‘zbekiston delegatsiyasini universitetning asosiy kampusida qabul qildi.

UCSI universiteti Malayziyaning eng yaxshi ta’lim muassasalari qatoriga kiradi va dunyo bo‘yicha eng zo‘r  universitetlar ro‘yxatiga kiritilgan. UCSI universiteti sanoatning yetakchi mutaxassislarini jalb qilgan holda kuchli akademik dasturlarni yaratishga intilishi bilan xalqaro miqyosda tan olingan.

Uchrashuvda xalqaro bozor uchun iqtidorlarni tayyorlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, UCSI universitetining Sirdaryo viloyatidagi IT yo‘nalishini yaratish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida USCI vakolatxonasini ochish, talabalar uchun tadbirlar tashkil etish,  talabalar va o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlari, ikki tomonlama diplom olish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ikkala tomon ham mintaqada IT autsorsingini rivojlantirish va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikka va "Uzbekistan Outsourcing Conference" xalqaro tadbirini birgalikda tashkil etishga qiziqish bildirdi. 

Bundan tashqari UCSI universitetida O‘zbekiston delegatsiyasi Malayziyada ta’lim olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etdi. Uchrashuvda O‘zbekistonni xalqaro maydonda IT-hub sifatida targ‘ib qilish imkoniyatlari va O‘zbekistonda IT sohasini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

2024-06-07