Oʻzbekiston delegatsiyasining Ispaniyaga tashrifi

Joriy yilning 27-fevraldan 2-mart kuniga qadar Ispaniya Qirolligining Barselona shahrida “MWC Barcelona-2023” Jahon mobil kongressida boʻlib oʻtdi.

Kongressda Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Raqamli texnologiyalar vazirligi mutasaddi vakillari, “Oʻzbektelekom” kompaniyasi, IT-Park direksiyasi, Beeline Uzbekistan, Mobiuz, Ucell mobil aloqa operatorlari va Elektron hukumat markazi hamda boshqa qator telekommunikatsiya sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar vakillari faol qatnashdilar. Tadbir Huawei kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

28-fevral kuni ikki tomonlama rasmiy uchrashuvlar doirasida IT-Park direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulahad Kuchkarov va “Orion Innovation” kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Aleks Bogachek oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv kun tartibida IT-Park Uzbekistan va “Orion Innovation” oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, Oʻzbekistonda “Orion Innovation” rivojlanish markazining ochilishi muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar Oʻzbekistonda yuqori maʼlumotli va malakali ishchi kuchi, qulay ishbilarmonlik muhiti va imtiyozlarni kengaytirish kabi imkoniyatlarni muhokama qildilar.

“Orion Innovation” kompaniyasi vakili Aleks Bogachek Oʻzbekistondagi ishtirokini kengaytirish va IT-Park Uzbekistan bilan salmoqli hamkorlikni oʻrganishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Maʼlumot uchun: “Orion Innovation” kompaniyasi 1993- yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirgi kunda 7000 dan ortiq xodimga ega. Kompaniya Kanada, Meksika, Shveysariya va boshqalar kabi turli mamlakatlarda oʻz ofislariga ega.

Javoban, Abdulahad Kuchkarov Aleks Bogachekga Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi uchun minnatdorchilik bildirib, ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlari haqida qiziqish bildirdi.

Shuningdek, kongressning keyingi kunlarida qator salmoqli hamkorlik uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Jumladan, 1-mart kuni, IT-Park Uzbekistan va Google kompaniyasining Android mahsulotlari boʻlimi boshligʻi Polina Chernikova bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tomonlar Google xizmat mahsulotlarini Oʻzbekiston bozoriga joriy etish boʻyicha mumkin boʻlgan hamkorlikni, xususan, Oʻzbekistonda “Android TV” xizmati va “Messages” xabar almashish dasturini ishga tushirishni muhokama qildilar.

Shu bilan birga, kun davomida IT-Park Uzbekistan va “ESKZ Global Consulting” vakillari oʻrtasida ham uchrashuv boʻlib oʻtdi. IT-Park direksiyasi nomidan direktorning birinchi oʻrinbosari Abdulahad Kuchkarov, IT-investitsiyalar markazi bosh direktori Abduvali Haydarov va ESKZ Global Consulting kompaniyasining hamkori Alireza Farrohzodiy ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston IT-kompaniyalarini Ispaniya va qoʻshni mamlakatlarga targʻib qilish borasidagi mumkin boʻlgan hamkorlik muhokama qildilar. Shuningdek, Ispaniya kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish va Oʻzbekiston IT sektori imkoniyatlari bilan tanishtirish uchun vebinar tashkil etish va hamkorlikni mustahkamlashni koʻzda tutuvchi oʻzaro anglashuv Memorandumini imzolashga kelishib oldilar.

Alireza Farrohzodiy mamnuniyat ila “ESKZ Global Consulting” Oʻzbekistonning eksportga yoʻnaltirilgan IT-kompaniyalariga Ispaniya va qoʻshni davlatlar bozoriga kirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar joriy yilning aprel oyida Ispaniya kompaniyalarini Oʻzbekiston IT sektori imkoniyatlari bilan tanishtirish uchun vebinar tashkil etishga kelishib oldilar. Vebinarga 150-200 ispan kompaniyasini taklif qilish rejalari muhokama qilib olindi.

Forumning so’nggi kunida Digital Language Solutions Kft. Kompaniya bilan ham muzokaralar o’tkazildi. Uchrashuvda   o’zaro hamkorlik, xususan, ingliz tili o`rganish uchun Digital Language Solutions Kft. tomonidan yaratilgan “Talk@ease” dasturini   O'zbekiston bozoriga olib kirish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya direktori Adrian Toth “Talk@ease” ilovasining o’ziga xos xususiyatlari haqida so’z yuritar ekan IT-Park Uzbekistan bilan potensial hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

2023-03-09