O‘zbekiston jahon investitsiya xaritasida: TXIF-2025 yakunlari va raqamli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar

9–12-iyun kunlari Toshkentda IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekistonning o‘sib borayotgan kapital, texnologiyalar va intilishlar markazi sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi. E’tibor markazida nafaqat energetika, balki raqamli innovatsiyalar ham bo‘ldi. Aynan shu sohalar tufayli Yaqin Sharq, Osiyo va Yevropadan investorlar, texnologik kompaniyalar va korporatsiyalar O‘zbekistonga tobora ko‘proq tashrif buyurmoqda.

Joriy yilda TXIF 8 mingdan ortiq ishtirokchini, jumladan, dunyoning 97 mamlakatidan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonni jamladi. Forumning asosiy qismlaridan biri mamlakatning 100 ta yetakchi kompaniya va tashkilotlarini birlashtirgan sanoat ko‘rgazmasi bo‘ldi. Forum yakunida umumiy qiymati 30,5 milliard dollardan ziyod investitsiya shartnomalari va savdo bitimlari imzolandi. Bu esa global ishbilarmon doiralarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

Forumning asosiy ishtirokchilaridan biri bugungi kunda global IT-hab vazifasini bajarayotgan IT Park Uzbekistan ekotizimi bo‘ldi. Forum davomida IT Park jamoasi o‘nlab muzokaralar o‘tkazdi, O‘zbekiston IT-bozorining eksport va investitsiya salohiyatini taqdim etdi. Shuningdek, mamlakatga eksportga yo‘naltirilgan IT-kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtiruvchi “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazining huquqiy jihatlari va imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Qiziqishdan harakatga: O‘zbekistonga kim va nima maqsadda kelmoqda

TXIF doirasida O‘zbekiston-Amerika, O‘zbekiston-Slovakiya, O‘zbekiston-Bolgariya biznes-forumlari o‘tkazildi. To‘rt kunlik forum yakunlariga ko‘ra, IT Park 114 ta maqsadli aloqalarni o‘rnatdi. Bular hamkorlikka professional qiziqish bildirgan xalqaro kompaniyalar, investitsiya xoldinglari va davlat sektori vakillari hisoblanadi. 53 ta tashkilot bilan dastlabki muzokaralar va taqdimotlar o‘tkazildi, 43 tasi bilan esa qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichlari boshlandi.

Bundan tashqari, 16 ta kompaniya IT Park’ga qiziqish bildirdi. Ulardan biri — dasturiy ta’minot ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan “Uplaw” darhol O‘zbekistonda faoliyat boshlashga qaror qildi. Bu esa IT-kompaniyalar va raqamli xizmatlar eksportchilarini jalb qilish jarayoni — tanishuvdan biznesni boshlashgacha bo‘lgan davr tobora qisqarib borayotganini ko‘rsatadi.

Startaplar va investitsiya imkoniyatlariga qiziqish

Bu yil startaplar va innovatsion tadbirkorlik mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. “Marco Polo Ventures”, Boltiq-Markaziy Osiyo iqtisodiy rivojlanish assotsiatsiyasi va yana 3 ta kompaniya “StartupBase” platformasida taqdim etilgan o‘zbek startaplariga sarmoya kiritish niyatida ekanliklarini bildirdi.

Enterprise Uzbekistan — IT-kompaniyalarni jalb qilish va eksportni oshirish katalizatori

Forum davomida “Enterprise Uzbekistan” loyihasi kelajagining asosiy masalalari ko‘tarilgan panel munozaralari ham o‘tkazildi. Xususan, “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markaziga bag‘ishlangan sessiyalardan birida O‘zbekistonni global eksportga yo‘naltirilgan IT-kompaniyalar uchun qulay va raqobatbardosh platformaga aylantiradigan shartlar va vositalar muhokama qilindi.

Muhokamada IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov ishtirok etib, “Enterprise Uzbekistan”ning ishga tushirilishi investitsiyalarni jalb qilish va IT-eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan yangi davlat tashabbusi ekanligini ta’kidladi. Bu esa mamlakatga IT-kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilishda yangi sahifa ochishini aytib o‘tdi.

Asosiy uchrashuvlar: “Visa”dan “MBK Holding”gacha

Forum, shuningdek, eng yirik xalqaro korporatsiyalar bilan muzokaralar o‘tkazish uchun platformaga aylandi. Asosiy uchrashuvlar orasida “Visa” (AQSh) bilan muzokaralar bo‘lib, ularda fintech startaplari uchun qo‘shma akseleratsiya dasturining istiqbollari va mahalliy frilanserlarga to‘lash uchun “Visa” integratsiyasi muhokama qilindi. 

"McKinsey", "Airbus", "Oracle", "5D MENA", "Uptime Institute", shuningdek, Qatar qirollik oilasi (MBK Holding) vakillari bilan muloqot ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. “MBK Holding” o‘zbek startaplariga sarmoya kiritish va o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarni yollashga qiziqish bildirdi.

Institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi: Ummon va Polsha vazirlari, Yaponiya (JBIC), Malayziya (MIMOS, Cocwonder Digital Engineering Sdn Bhd), shuningdek, Bolgariya, Turkiya, BAA, Xitoy va Kanada elchixonasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

IT Park rezidentlari TXIF-2025 forumida

IT Park rezidentlari TXIFda faol ishtirok etishdi. Stendlarda “Uzum”, “Yandex”, “BRB-tech” va “TBC” (Payme) kompaniyalari taqdim etildi, “Zoodtech”, “EPAM” va “Data Volt” kompaniyalari esa delegatsiyalar shaklida ishtirok etdi.

Forum doirasida Hindiston, BAA, Buyuk Britaniya va Qozog‘iston vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Moliyaviy texnologiyalar, bulutli texnologiyalar, elektron tijorat va IT-xizmatlar autsorsingi sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston IT-sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va venchur investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Rezidentlar o‘z loyihalarini salohiyatli investorlarga taqdim etib, moliyalashtirish raundlarida ishtirok etish shakllari, shuningdek, mahalliy raqamli ekotizimlarga sarmoya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Keyingi qadam: kelishuvlarni amalga oshirish

IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlar bilan birgalikda manfaatdor kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, takliflarni puxta ishlab chiqish va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettiradi. Yaqin istiqboldagi asosiy vazifa — erishilgan kelishuvlarni kelgusi strategik qadamlarga va o‘zaro manfaatli loyihalarga aylantirish bo‘lib qolmoqda.  

2025-06-13