O‘zbekistonlik talabalar jamoalari ICPC NERC — sport dasturlash bo‘yicha xalqaro olimpiadaning eng nufuzli va raqobatbardosh bosqichlaridan birida muvaffaqiyatli qatnashdi. Musobaqa yakunida mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari turli darajadagi diplomlarni qo‘lga kiritib, xalqaro maydonda yuqori tayyorgarlik darajasini namoyish etdilar.

ICPC NERC (North Eurasian Regional Contest) — ICPC (International Collegiate Programming Contest) xalqaro talabalar olimpiadasining yarim finali va Shimoliy Yevrosiyo mamlakatlari uchun asosiy mintaqaviy bosqich hisoblanadi. Aynan shu yerda jamoalar jahon finaliga chiqish uchun kurash olib boradilar. Bu yilgi musobaqada mintaqadagi eng kuchli universitetlardan 341 taga yaqin jamoa ishtirok etdi, bu esa ICPC NERC’ni dunyodagi eng murakkab va raqobatbardosh turnirlardan biriga aylantiradi.
2025-yilda ICPC NERC yarim finalida O‘zbekiston nomidan mamlakatning yetakchi universitetlaridan 20 ta jamoa ishtirok etdi. Milliy terma jamoalar tayyorgarligi IT Park Uzbekistan tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi va “IT Park University” bilan hamkorlikda xalqaro va mahalliy murabbiylar ishtirokida tashkil etildi. O‘quv-mashg‘ulot jarayoniga M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Yangi O‘zbekiston universiteti ekspertlari jalb qilindi.
Tayyorgarlikdan tashqari, IT Park Uzbekistan O‘zbekistondan 9 ta eng kuchli jamoaning ishtirokini ham qo‘llab-quvvatladi, bu esa talabalarga ICPC NERC yarim finalida shaxsan qatnashish va mamlakatni xalqaro maydonda munosib tarzda taqdim etish imkonini berdi.

O‘zbekiston jamoalari orasida eng yaxshi natijani Azizbek Ma’rufjonov, Davlatbek Miroqilov va Shohrux Rahmatillayevdan iborat Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoasi ko‘rsatdi. Jamoa 7 ta masalani yechib, birinchi darajali diplomni qo‘lga kiritdi va O‘zbekistonning barcha jamoalari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi.
Ikkinchi darajali diplom 6 ta masalani yechgan jamoalarga berildi. Ular orasida:
Buxoro davlat universitetining “Starborn” jamoasi tarkibidagi Javohirbek Muxtorov, Ahmadjon Amonov va Aminjon Amonov 5 ta masalani yechib, uchinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.
Alohida ta’kidlash joizki, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining birinchi jamoasi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning ko‘plab kuchli universitetlarini ortda qoldirib, Markaziy Osiyoda 3-o‘rinni egalladi. Bu natija O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi yillardagi eng yaxshi yutuqlaridan biri bo‘ldi.
2025-12-18