O‘zbekiston mintaqaning asosiy venchur tadbiriga mezbonlik qiladi — CEVF 2026 Toshkentda o‘tkaziladi

Toshkent global venchur ekotizimining markaziy maydoniga aylanmoqda: kelasi yil bahorida O‘zbekiston poytaxtida “Central Eurasian Venture Forum” (CEVF 2026) bo‘lib o‘tadi. Mazkur forum Markaziy Yevroosiyodagi investorlar, startaplar va korporatsiyalar o‘rtasidagi bitimlar va muloqot uchun asosiy platforma sifatida e’tirof etilgan.

Forum o‘tkazilishi haqida “ICT WEEK Uzbekistan 2025” doirasida o‘tkazilayotgan “Startup & Venture Summit” davomida imzolangan memorandumdan so‘ng e’lon qilindi. Forum “MOST Holding” va IT Park Uzbekistan — startaplar va raqamli tashabbuslar uchun mamlakatning yetakchi milliy platformasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilmoqda.

"CEVF 2026 forumini Toshkentda o‘tkazish biz uchun katta sharaf. IT Park Uzbekistan’da bizning asosiy maqsadimiz mamlakatni global innovatsion ekotizimga integratsiyalash va bunday nufuzli forumga mezbonlik qilish ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamdir. Ishonchimiz komilki, CEVF O‘zbekistonning mintaqadagi texnologik taraqqiyot markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydigan bitimlar, hamkorliklar va dadil g‘oyalarni yuzaga chiqarish uchun turtki bo‘ladi”, — deb IT Park Uzbekiston bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov.

Mintaqaviy ta’sirning kengayishi

Beshinchi marta o‘tkazilayotgan “CEVF”, mintaqaviy venchur bozorining yetakchi tadbiri sifatida o‘zini namoyon etib ulgurdi. 2026-yilda forum ilk marotaba Qozog‘istondan tashqariga chiqib, O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bu hodisa ekotizimlarning tobora kuchayib borayotgan integratsiyasi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining birgalikda rivojlanishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.

Forumda investorlar, startap asoschilari, korporatsiya rahbarlari, venchur fondlari va taraqqiyot institutlari vakillari qatnashadi. Ishtirokchilar orasida AQSh, Singapur, Janubiy Koreya, BAA, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari Toshkentdagi yagona maydonchada to‘planishi kutilmoqda.

Missiyaga ega forum

“MOST Holding” tomonidan tashkil etiladigan “CEVF” mintaqada tadbirkorlikni tizimli rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli missiyaning bir qismi hisoblanadi. Forum o‘z faoliyatining boshidan boshlab real investitsiyalar uchun platforma vazifasini o‘tab kelmoqda. Bu yerda bitimlar bevosita tadbir davomida tuziladi va hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi.

"CEVF haqiqiy investitsiyalar amalga oshiriladigan maydon sifatida yaratilgan. Dastlabki forumlar davomidayoq investitsiya kelishuvlari imzolanib, hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan va bitimlar tuzilgan. Ishonchimiz komilki, xuddi shunday faollik Toshkentda ham kuzatiladi. Bugungi kunda O‘zbekiston IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligining tizimli sa’y-harakatlari tufayli mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan ekotizimlardan biriga aylandi. Biz Markaziy Osiyoning yanada o‘sishi va jahon bozoriga integratsiyalashuvi uchun ulkan salohiyat borligini ko‘rmoqdamiz. Forumimizni O‘zbekistonda o‘tkazayotganimizdan faxrlanamiz va u butun dunyo investorlari hamda tadbirkorlari uchun yangi jozibador markazga aylanishiga ishonamiz,” — deya ta’kidladi “MOST Holding” bosh direktori Pavel Koktishev.

Markaziy Osiyo uchun yangi bosqich

Toshkentdagi “CEVF 2026” nafaqat forum an’anasini davom ettiradi, balki mintaqaviy venchur bozorini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Tadbir Markaziy Osiyoning rivojlanib borayotgan investitsiya klasteri sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi hamda tadbirkorlar va investorlar uchun yangi o‘sish imkoniyatlarini yaratadi.

2025-09-25