O‘zbekiston Singapur bilan raqamli hamkorlikni mustahkamlamoqda: IT Park tashrifi yakunlari

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov rahbarligidagi delegatsiya xalqaro aloqalarni mustahkamlash, milliy IT-sektorni rivojlantirish va O‘zbekistonning global raqamli ekotizimidagi o‘rnini kengaytirish maqsadida Singapurga amaliy tashrif bilan bordi.

Uzbekistan Tech & Services Conference 

Asosiy tadbirlardan biri “Uzbekistan Tech & Services Conference” bo‘lib, unda IT Park Uzbekistan va rezident kompaniyaga aylangan Singapur korxonalarining taqdimotlari, shuningdek, O‘zbekistonning texnologik biznes imkoniyatlariga bag‘ishlangan netvorking sessiyalari o‘tkazildi. Konferensiya “Enterprise Singapore”, “Singapore Business Federation” (SBF) bilan hamkorlikda tashkil etildi hamda Singapur kompaniyalari rahbarlarining O‘zbekiston haqidagi xabardorligini oshirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.

Tadbirni O‘zbekistonning Singapurdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Qayumov ochib berib, o‘tgan yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar faol rivojlanib borayotgani hamda xususiy biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini ta’kidladi. O‘z navbatida, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov IT va raqamli xizmatlar sohasidagi so‘nggi tendensiyalar haqida ma’lumot berdi.

Eng yorqin chiqishlardan biri “BIPO” rezident kompaniyasining mijozlar bilan ishlash bo‘yicha global bo‘lim boshlig‘i Jorj Xo tomonidan taqdim etilgan keys bo‘ldi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy shtab-kvartirasini ochgan kompaniya iste’dodli kadrlarga ega bo‘lish imkoniyati, qulay geografik joylashuv va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni asosiy afzalliklar sifatida ko‘rsatdi. “BIPO” 2025-yil oxirigacha O‘zbekistondagi xodimlar sonini 100 nafarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Konferensiya doirasida “S.E.A Business Center” bosh direktori Rudi Fang ham so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ofis ochish rejalari haqida ma’lumot berdi. U 2018-yildan beri mamlakatdagi loyihalarda faol ishtirok etayotganini, IT Park faoliyatini kengaytirish esa yangi BPO tashabbuslarini boshlashga turtki bo‘lganini ta’kidladi.

Konferensiyani yakunlar ekan, ishtirokchilar tadbirning yuqori darajada tashkil etilganini ta’kidlab, O‘zbekistonda loyihalarni, ayniqsa autsorsing va raqamli xizmatlar sohalarida rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

Tashrif doirasida “Singapore Enterprise Center” (SCE) va “Vistra” kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik istiqbollari, singapurlik investorlarni jalb qilish, shuningdek, O‘zbekiston bozoriga kirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Singapore Cooperation Enterprise (SCE)

IT Park delegatsiyasi davlat sektorida xalqaro loyihalarga ko‘maklashishga ixtisoslashgan “SCE” davlat tashkiloti bilan uchrashuv o‘tkazdi. Singapurning “NCS Group” va “CrimsonLogic” kabi kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi, qo‘shma ta’lim va texnologik tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Singapore Cooperation Enterprise” (SCE) — davlat boshqaruvi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi davlat muassasasi. 2006-yilda tashkil etilgan va Singapur hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “SCE” davlat sektorida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ixtisoslashgan. Tashkilot o‘z faoliyati davomida dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida, jumladan, Osiyo, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Lotin Amerikasi mintaqalarida 300 dan ortiq loyihani amalga oshirgan.

Vistra

“Vistra” bosh direktori Saymon Vebster bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston bozoriga kirishni istagan xalqaro mijozlarga ko‘maklashish, jumladan, yuridik yordam, komplayens va soliqqa tortish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash istiqbollari muhokama qilindi. “Vistra” vakillari MDH mintaqasidagi mijozlar tomonidan so‘rovlarning yanada ko‘payishi bilan O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

“Vistra” — korporativ, huquqiy va moliyaviy yechimlar sohasidagi global kompaniya bo‘lib, 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi.

Hamkorlikni kuchaytirish

Bundan tashqari, delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston bozoriga chiqishni rejalashtirayotgan singapurlik hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ikki tomonlama tashabbuslarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif Singapur biznesining O‘zbekiston IT-sohasiga qiziqishi yuqori ekanligini namoyish etdi. Muhokama qilingan tashabbuslar raqamli xizmatlar, ta’lim, yuridik yordam va autsorsing sohalarini qamrab oladi. Ular mamlakatning texnologik infratuzilmasini rivojlantirish va global xizmatlar zanjirlariga integratsiyalashuvda muhim qadam bo‘ladi.

IT Park Uzbekistan hamkorlikni mustahkamlash, raqamli xizmatlarni rivojlantirish va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ishonchli va istiqbolli texnologik markaz sifatidagi nufuzinj oshirish bo‘yicha izchil ishlarni davom ettiradi.

2025-05-24