O‘zbekiston testlash va sun’iy intellekt sohasidagi yetakchilarning e’tiborini tortmoqda: STAREAST 2025 yakunlari

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi AQSHning Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan “STAREAST 2025” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan Shimoliy Amerika yo‘nalishi rahbari Sultonmurod Rasulov dasturiy ta’minot ishlab chiqish, sun’iy intellekt yechimlari va testlashni avtomatlashtirishga ixtisoslashgan kompaniyalar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarning maqsadi O‘zbekistonning investitsion salohiyati va texnologik biznesni mahalliylashtirish imkoniyatlariga e’tibor qaratishdan iborat bo‘ldi.

AQSHning Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan “STAREAST 2025” xalqaro konferensiyasi dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish va sifatni ta’minlash sohasidagi eng yirik tadbirlardan biridir. Konferensiya 75 dan ortiq sessiyani, jumladan, asosiy ma’ruzalar, amaliy mahorat darslari va o‘quv seminarlarini o‘z ichiga olib, DevOps, sifat muhandisligi va avtomatlashtirilgan sinovlarga, shu jumladan sun’iy intellektga asoslangan zamonaviy yondashuvlarga e’tibor qaratdi.

Tadbirda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish sohasidagi ilg‘or yechimlarni taqdim etuvchi sanoat yetakchilari, ekspertlar va kompaniyalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirgan kompaniyalar orasida “MarathonLabs.io” (mobil testlashni avtomatlashtirish), “Inflectra Corporation” (testlashni boshqarish vositalari), “Test IO” (kraudtesting), “BirlaSoft” va “Hexaware” (IT-konsalting va avtomatlashtirish), “ValueLabs.com”, “BlinqIO”, “Keysight”, “UBS Hainer”, “Sofy”, “Yakshna Solutions” va “TestWheel” bor. Kompaniyalar O‘zbekistonni dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, sotish, texnik qo‘llab-quvvatlash va boshqa xizmatlarni o‘z ichiga olgan faoliyatlarini boshlash uchun istiqbolli mamlakat sifatida ko‘rib chiqmoqda.

IT Park Uzbekistanning “STAREAST 2025” konferensiyasidagi ishtiroki xalqaro aloqalarni kengaytirish va O‘zbekistonni jozibador texnologik platforma sifatida targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘ldi. Yetakchi IT-kompaniyalarning qiziqishi mamlakatga yangi ishlab chiqish va innovatsiyalar markazi sifatida ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi. IT Park O‘zbekiston hududida xalqaro loyihalarni muvaffaqiyatli ishga tushirish uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha faol ishlarni davom ettiradi.

2025-05-08