Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park vakillarining Hindistonning Bangalor shahriga tashrifi doirasida IT sohasining yetakchi tashkilotlari, jumladan NASSCOM uyushmasi, oʻyin ishlab chiqaruvchi studiyalar va “Acharya” universiteti bilan qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Tashrifning asosiy maqsadi Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida axborot texnologiyalari va oʻyin ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek Oʻzbekistonga xalqaro kompaniyalarni jalb etishdan iborat edi.
NASSCOM bilan uchrashuv
Bangalordagi NASSCOM direktori Bxaskar Kumar Verma bilan uchrashuvda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Hindistonning eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish va Oʻzbekiston bozori haqidagi xabardorlikni oshirish uchun qoʻshma tadbirlar tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. IT va BPO sohasidagi 3000 dan ortiq yetakchi kompaniyalarni birlashtirgan “NASSCOM” Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish va mamlakatga sarmoya kiritish imkoniyatlarini oʻrganishga qiziqish bildirdi.
“Biz Oʻzbekiston bilan hamkorlikda ulkan salohiyatni koʻryapmiz. Bu rivojlanayotgan IT-ekotizimi va biznes uchun qulay sharoitlarga ega mamlakat. Ishonchimiz komilki, qoʻshma loyihalar va investitsiyalar har ikki mamlakatning texnologiya sohasida rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻladi" — dedi NASSCOM direktori Bxaskara Kumar Verma.
Oʻyin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan uchrashuv
Tashrif davomida “Tentworks Interactive”, “Bombay Play”, “XIGMA Games” va “Second Quest” kabi oʻyin studiyalari bilan uchrashuv alohida eʼtibor markazida boʻldi. “GDAI” (Hindiston Oʻyin ishlab chiqaruvchilar uyushmasi) vakillari hind studiyalarining Oʻzbekistonga tashrif buyurishiga qiziqish bildirdilar va ishlab chiqish hamda dizayn jamoalarini mamlakatga koʻchirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekistonda “Tentworks Interactive” studiyasining ochilishi sanoat uchun muhim voqea boʻladi. Kompaniya “Becoming Pablo” oʻyinini ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrmoqda va IT Park imkoniyatlaridan foydalangan holda MDH va Yevropa bozorlari bilan ishlashni rejalashtirmoqda.
“Biz Oʻzbekistonni kengayish uchun strategik joy sifatida tanladik. Buxoroda ofisning ochilishi kompaniyamiz uchun mintaqaviy rivojlanishning yangi bosqichi boʻladi va bu mintaqada oʻsish va rivojlanish uchun ajoyib sharoit yaratadi deb ishonamiz" — dedi “Tentworks Interactive” bosh direktori Jey Basani.
Acharya universitetiga tashrif
Tashrif doirasida delegatsiya Hindistonning texnologiya va muhandislik sohasidagi yetakchi taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan Bangalor shahridagi “Acharya” universitetiga ham tashrif buyurdi. Universitet oʻzining ilgʻor tajriba markazlari (Centers of Excellence) bilan faxrlanadi, ular doirasida “Wipro”, “IBM”, “Siemens”, “Adobe” va boshqa yirik kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilinadi. Tomonlar, shuningdek, Buxoroda mutaxassislarning malakasini oshirish va Oʻzbekistonda IT-ekotizimini rivojlantirishni jadallashtirish imkonini beradigan shunday markazlarni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Bangalorga tashrif Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi IT va texnologiyalar sohasidagi strategik hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim qadam boʻldi. Oʻzaro manfaatdorlik va taraqqiyotga intilish Oʻzbekistonda oʻzaro manfaatli hamkorlik va yangi ish oʻrinlari yaratish uchun zamin yaratmoqda. “NASSCOM”, Hindistonning yetakchi oʻyin studiyalari va universitetlari bilan hamkorlikni davom ettirish Oʻzbekistonni IT va texnologiyalar sohasida yangi bosqichga olib chiqishi, startaplar va innovatsion loyihalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
2025-01-31