O‘zbekiston va Serbiya qo‘shma IT-korxona va venchur fondi tashkil etishni rejalashtirmoqda

29-oktyabr kuni Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurib, tashkilot faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari va raqamlashtirish sohasidagi yutuqlari bilan tanishdi.

Serbiya delegatsiyasi a’zolariga IT Park Uzbekistan tomonidan amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va kelajak rejalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Mehmanlarga IT Park rezidentlarining loyihalari, jumladan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va innovatsion mahsulotlar bo‘yicha yechimlar namoyish etildi. Shuningdek, delegatsiya mutaxassislarning ish jarayonini kuzatib, ularning g‘oya va tashabbuslari bilan tanishdi.

IT Park rezidentlari — “UniconSoft”, “Didox” (Venkon) va “Kpi.com” kompaniyalarining innovatsion yechimlari o‘zining yuqori texnologik darajasi va xalqaro bozorlarda kengayish salohiyati bilan delegatsiya e’tiborini tortdi. Kompaniyalar xorijiy bozorlarga eksport qilish va ularga integratsiyalashishga mo‘ljallangan raqamlashtirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va ma’lumotlarni boshqarish sohasidagi mahsulotlarini namoyish etdilar.

“UzSpace Agency” ishlanmalari mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Ular fazoviy ma’lumotlarni masofadan turib kuzatish va qayta ishlash uchun ilg‘or texnologik yechimlarni taqdim etib, O‘zbekistonda kosmik va geoma’lumotlar texnologiyalarining jadal rivojlanayotganini tasdiqladi.

Taqdim etilgan tashabbuslar orasida “UZINFOCOM” loyihalari, jumladan “Palm ID”, Uzinfocom ekotizimi, “HRM.argos.uz”, “uGaz” va “Dmed” — davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish va fuqarolar uchun xizmatlarni takomillashtirishga qaratilgan yechimlar bor edi. Ushbu ishlanmalar o‘zining texnologik darajasi, amaliy ahamiyati va O‘zbekistondan tashqarida kengaytirish istiqbollari tufayli Serbiya delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Delegatsiya a’zolari yaratilgan zamonaviy infratuzilma va qulay sharoitlarni yuqori baholab, bunday markazlar yoshlarni xalqaro loyihalarga jalb qilish va innovatsion g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bu kabi tashabbuslar innovatsiyalarni rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim ekanligini alohida qayd etdi.

Tashrif davomida IT Park Uzbekistan va “UZINFOCOM” vakillari Serbiya delegatsiyasi bilan raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdilar. Muzokaralar davomida tomonlar Serbiyada texnologik loyihalarni amalga oshirish, jumladan “Palm ID” tizimini ishga tushirish uchun qo‘shma IT-korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat startaplarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi qo‘shma venchur fondini tashkil etish imkoniyatini ham muhokama qildilar.

IT-autsorsing va KPO-xizmatlarini rivojlantirish orqali xorijiy bozorlarga chiqish, qo‘shma ta’lim va akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish, shuningdek, xalqaro akseleratorlar va venchur fondlari bilan hamkorlik orqali texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tajriba almashish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish va ikki mamlakat IT-kompaniyalarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish uchun sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston tomoni server infratuzilmasini yaratishga sarmoya kiritish va Serbiyada “Palm ID” tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun muhandislarni yollashga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, Serbiya tomoni texnologiyalarni ichki bozorda joriy etish va ilgari surishga ko‘maklashish, keyinchalik yechimlarni Yevropa Ittifoqi bozoriga kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.

Bundan tashqari, tomonlar qo‘shma venchur dasturini ishga tushirishni muhokama qildilar. Dastur qiymati 1 million dollar bo‘lib, mablag‘lar Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan o‘zbek startaplarini va Markaziy Osiyo bozorlariga kirishdan manfaatdor bo‘lgan serbiyalik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

IT Park Uzbekistan va Serbiya tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, o‘zbek IT-kompaniyalarining eksport salohiyatini mustahkamlaydi va milliy raqamli yechimlarni Yevropa bozorida ilgari suradi.

2025-10-30