12-yanvar kuni IT-Parkga Turkiya Respublikasi Prezidentining Inson resurslarini boshqarish boshqarmasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibiga kadrlar tayyorlash va rivojlantirish boʻlimi rahbari Volkan Nazli va boshqaruv xizmatlari boʻlimi loyiha koordinatori Anil Gunel kirdi.
Uchrashuvda IT Park direktorining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Amaliya Ergasheva, Ta’lim loyihalari boʻlimi boshlig‘i Shahzod Narzullayev va Xalqaro reyting tashkilotlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Dilshod Saitovlar mehmonlarni tashkilot faoliyati, IT City loyihasi, o‘tgan 4 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalari va IT Parkning 2023 yilga mo‘ljallangan rejalari bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda Turkiya Respublikasi Prezidentining Inson resurslari boshqarmasi tomonidan IT-ta’limni yaxshilash va ushbu sohada talabalar qamrovini oshirish uchun ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy yechimlar transferi bo‘yicha tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlandi. Eslatib o‘tamiz, Turkiyada 100 ga yaqin texnoparklar, jumladan, ilmiy parklar mavjud bo‘lib, ularda 80 mingga yaqin mutaxassis faoliyat yuritadi.
Turkiya tomoni vakillari IT-ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi va turk fuqarolari uchun turli mutaxassisliklar bo‘yicha kurslar va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini taqdim etuvchi “e-insan” loyihasi haqida soʻzlab berdi.
O‘z navbatida, IT Park mehmonlarga “One Million Uzbek Coders” dasturi va yaqinda ishga tushirilgan IT Park University haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekistonda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Mehmonlar O‘zbekistonning bu boradagi yuksalish va taraqqiyotini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar IT-ta’lim sohasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirishga kelishib oldilar. IT Park Turkiyaning eksportga yo‘naltirilgan IT-kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga kirishda qo‘llab-quvvatlashga va turk kompaniyalarida ishlash uchun IT-mutaxassislarini birgalikda tayyorlashga hozir ekanini bildirdi.
2023-01-12