O‘zbekistonda Al Faris International filialini ochish rejalashtirilmoqda

2022-yil 17-avgust kuni IT Park direktori o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov va “Uzinfocom” bosh direktori Emil Gimranov Jidda shahrida “Al Faris International” bosh direktori Osama A. Ben Saleh Buxoriy bilan uchrashdi.

Tomonlar axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohasida hamkorlik imkoniyatlarini, shuningdek, bilim, tajriba va innovatsion yechimlar almashinuvini muhokama qildilar.

Shu tariqa, O‘zbekiston tomoni saudiyalik hamkasblariga ofis uchun joy ajratish, shuningdek, kadrlarni tanlash va tayyorlashda yordam berishga va’da berdi. Oʻz navbatida, kompaniya vakillari Oʻzbekistonda keyinchalik Saudiya Arabistoniga dasturiy taʼminot xizmatlari eksportiga yo‘nalgan korxona ochishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Saudiya kompaniyasi O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Shu tariqa, “Al Faris International” rahbari kompaniyaning Toshkent shahridagi filialini ochish rejalashtirilayotganini ta’kidladi. Qolaversa, xorijiy hamkorlar IT Park rezidenti bo‘lish istagini ham bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha IT Park va “Al Faris International” vakillari o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

“Uzinfocom” rahbari Saudiya Arabistonida bank sohasida foydalanish uchun biometrik tizimni taqdim etdi. Tomonlar hamkorlik haqida kelishib oldilar.

Eslatib oʻtamiz, “Al Faris International” kompaniyasi vakillari 2021-yilda Oʻzbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan edi. So‘ngra kompaniya rahbari tashrif yakunlari bo‘yicha Saudiya Arabistoniga dasturiy ishlanmalarni eksport qiluvchi, shuningdek, bank mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlovchi tuzilma ochishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.

Shuningdek, “Al Faris International” filialida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va kelgusida ishga joylashtirish maqsadida Namangan shahrida IT-akademiya ochishga katta qiziqish bildirildi.

Ma’lumot uchun: “Al Faris International” konsalting kompaniyasi Yaqin Sharq, Yevropa, Afrika va Amerikadagi biznes uchun keng qamrovli integratsiyalashgan bank dasturiy ta’minotini yetkazib berishda yetakchi hisoblanadi. 2011-yilda tashkil etilgan, “HSBC” va “Citibank” va boshqa ko‘plab yuqori martabali mijozlarga  ega “Al Faris International” Yaqin Sharqdagi eng yetakchi kompaniyalar qatoriga kiradi. Muassasa vakolatxonalari Livan, Hindiston, AQSH, Malayziya, Indoneziya, Sudanda, bosh ofisi esa Saudiya Arabistoni Qirolligida joylashgan.

2022-08-19