O‘zbekistonda yangi “IT Park University” onlayn universiteti tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 297-sonli (“IT-Park University” raqamli universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi) qaroriga muvofiq mamlakatimizda IT Park University ilk onlayn oliy ta’lim muassasasi tashkil etilmoqda.

Yangicha formatdagi oliygoh asoschilari IT Park va “EPAM Systems” kompaniyasi hisoblanadi. Universitet dasturi bitiruvchilar uchun zamonaviy va yuqori talabga ega IT kasblarini egallashga qaratilgan. O‘quv jarayoni aralash, asosan esa onlayn tarzda olib boriladi. Endilikda respublikaning turli burchaklaridan kelgan talabalar Toshkentga ko‘chib o‘tish zaruratisiz zamonaviy, yuqori talabga ega IT mutaxassisligini egallashlari mumkin bo‘ladi.

Ta’lim jarayoni quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshiriladi:

•        Web Developer

•        Networks Engineer

•        Software Tester

•        Backend Developer (Java)

•        Mobile Developer (Android)

•        Front-End Developer

•        QA Engineer

•        Big Data Engineer

Ham uydan turib, ham poytaxtda yoki IT Parkning viloyat ofislarida ta’lim olish imkoniyati mavjud. Bakalavriat bo‘yicha oʻqish muddati 3 yil. Ta’lim asosan ingliz tilida olib boriladi. Abiturientlar o‘qishga qabul qilinish uchun xalqaro IELTS (minimal ball 4.5) yoki TOEFL (minimal ball 34) boʻyicha amaldagi sertifikatlarni taqdim etishi yoki IT Park filiallaridan birida roʻyxatdan oʻtib imtihon topshirishi zarur. Ingliz tilini bilish darajasi Intermediate ("CEFR B1") dan past bo‘lmasligi lozim.

Kirish imtihonlari 2022-yil 25-iyundan boshlanadi.

Batafsil ma’lumot uchun quyidagi havola orqali ariza toʻldiring: https://itpu.uz/.

2022-06-03