O'zbekistonlik startap Best Global M-Gov Award tanlovida 2-o'rinni egalladi

Butunjahon hukumatlar sammiti doirasida BAA hukumati tomonidan tashkil etilgan “Best Global M-Gov Award” tanlovida O‘zbekistonning “Don’t Waste” startapi 2-o‘rinni egalladi!

Tanlovga 5 qit'adan jami 1000 dan ortiq arizalar yuborilgan. “Don’t Waste” (“Isrof qilma”) loyihasi saralangan 45 ta loyiha qatoridan joy oldi va final bosqichiga yoʻl olganlar ro‘yxatiga kirdi.

Loyiha Toshkent shahridagi Inha universiteti 3-kurs talabalari tomonidan ishlab chiqilgan. Ular:

 • Javohir Shomurodov (yetakchi)

 • Valisher Alisherov

 • Azizullo Temirov

 • Mehrol Bozorov

 • Xusan Rashidov

“Don't Waste” - bu ortib qolgan, aks holda tashlab yuborilishi mumkin bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va hadya qilish orqali chiqindilarga qarshi kurash maqsadida yaratilgan innovatsion ilova. U korxonalarga oziq-ovqat mahsulotlarini chegirmali narxlarda taklif qilish imkonini beradi, shuningdek, foydalanuvchilarga ortib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini muhtojlarga xayriya qilish imkonini beradi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, “Don’t waste” jamoasi 500 000 BAA dirhami (136 000 AQSh dollari) miqdoridagi mukofotga sazovor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil iyul oyida ushbu loyiha ham “mGovAward” tanlovining 2-to‘lqinida kuchli 7 talikka kirgan edi.

Tanlov haqida qisqacha:

“Best Global M-Gov Award” – BAA hukumati tomonidan “Million Coders” bitiruvchilari va talabalari o‘rtasida davlat xizmatlari uchun eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha jahon miqyosidagi tanlovdir.

IT Park jamoasi nomidan yigitlarimizni chin yurakdan tabriklaymiz va ularga kelgusida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!

2023-02-14