IT Park Uzbekistan “AI LAB” sun’iy intellekt laboratoriyasi, “ProBusiness” biznes-klubi va “U-Enter” innovatsiya markazi bilan hamkorlikda biznes jarayonlarini optimallashtirish uchun sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqishga qaratilgan “Angel Connect” hakatonini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Tadbirda 36 ta jamoaga birlashgan 150 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Bu nima uchun muhim?
“Angel Connect” — sun’iy intellekt yordamida biznes jarayonlarini optimallashtirishga bag‘ishlangan hakaton. Hakatonning maqsadi dasturchilar, tadbirkorlar va investorlarni sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratishda birlashtirish.
Hakaton 48 soat davom etdi, bu vaqt mobaynida ishtirokchilar mentorlik yordamidan foydalandilar. Hakatonda 20 dan ortiq investor va venchur fondlari vakillari, jumladan, “United Ventures”, “AloqaVentures”, “Zubr Capital” va “IT Park Ventures” ishtirok etdi. Bundan tashqari, jamoalar turli sohalardan 20 nafardan ortiq murabbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida jamoalarga dasturiy ishlanmalar, marketing va biznes-investitsiyalar bo‘yicha quyidagi mentorlar ko‘maklashdi:
G‘oliblar
Musobaqa yakuniga ko‘ra, 36 ta jamoadan 26 tasi finalga yo‘l oldi. G‘oliblar quyidagilar bo‘ldi:
1-o‘rin: TechDiff. Jamoa chakana savdo uchun savdo nuqtalari yoki bo‘limlariga kiraverishda maxsus kameradan foydalanadigan yechimni ishlab chiqdi. Kamera xaridorlar soni, ularning yoshi va jinsini avtomatik ravishda tahlil qiladi, xodimlarni statistikadan chiqarib tashlaydi. Bu biznesga mijozlar oqimi haqida aniq ma’lumot olish imkonini beradi. G‘oliblar 12 million so‘m mukofot puliga ega bo‘ldi.
2-o‘rin: ByteBusters. O‘zbekiston tadbirkorlari uchun raqamli yordamchi — “AI Law Assistant” ishlab chiqildi. U soliqlar, bojxona tartib-qoidalari va shartnomalar bilan bog‘liq savollarga amaldagi qonunchilik asosida aniq javob beradi. Funksiyalari shartnomalarni yaratish va tahlil qilish, soliqlar va bojxona to‘lovlari kalkulyatori, shuningdek, qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida xabarnomalarni o‘z ichiga oladi. Jamoa 8 million so‘m mukofot puli bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: FloraForce. Jamoa o‘simliklar, ko‘chatlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yagona ekotizimda onlayn xarid qilish, yetkazib berish, maslahat berish, sug‘urtalash va investitsiya jarayonlarini birlashtirgan “Care4Green” raqamli platformasini taqdim etdi. Startap ishtirokchilari 5 million so‘m mukofot olishdi.
Bundan tashqari, hakamlar hay’ati “Neuro Train” startapining MVP — real ish vaziyatlarini taqlid qiluvchi va xodimlarning reaksiyasi hamda qarorlarini tahlil qiluvchi HR-botni alohida e’tirof etdi. U sun’iy intellektdan yumshoq ko‘nikmalarni baholash, xatolarni aniqlash va shaxsiy tavsiyalarni shakllantirish uchun foydalanadi. Jamoaga 5 million so‘m mukofot puli berildi.
Shuningdek, dastlabki 10 ta o‘rin egalariga “C-space” markazidan sertifikatlar topshirildi.
“Angel Connect” hakatoni sun’iy intellekt yechimlarini rivojlantirish va bozorni o‘zgartirish hamda biznes jarayonlari samaradorligini oshirishga qodir innovatsion biznes modellarini yaratish uchun muhim maydonga aylandi. Tadbir texnologiya, investitsiya va tadbirkorlik sohasidagi eng yaxshi aql egalarini to‘plab, sun’iy intellekt haqiqiy biznes muammolarini hal qilishi mumkinligini isbotladi. “Angel Connect” kabi tashabbuslar tufayli O‘zbekiston IT-ekotizimi rivojlanish uchun kuchli turtki olmoqda, istiqbolli startaplar esa yangi bosqichga ko‘tarilish uchun zarur qo‘llab-quvvatlanishga ega bo‘lmoqda.
2025-03-03