O‘zbekistonning IT-hab sifatidagi o‘sish sur’atlari: iyun oyining birinchi yarmida bozorga 40 ta eksportchi kompaniya kirib keldi

Iyun oyining boshi Oʻzbekiston IT-sohasi uchun samarali boʻldi: bir vaqtning oʻzida eksportga yoʻnaltirilgan 40 ta kompaniya oyning dastlabki 15 kunida IT Park rezidentiga aylandi, bu esa mamlakat ITes-sektorining jadal oʻsishidan dalolat beradi.

Yangi eksportchi rezidentlar orasidan 17 ta kompaniya Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Gretsiya va boshqa mamlakatlarning xorijiy kapitali ishtirokida tashkil etilgan. Yangi 40 ta rezidentlarning xorijda koʻrsatilgan xizmatlaridan tushgan umumiy daromadi joriy yil oxiriga kelib 9,5 million dollarni tashkil qiladi va asosiy eksport yoʻnalishi Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi hisoblanadi.

Bunday oʻsish mamlakatning jahon miqyosidagi investitsiyaviy jozibadorligi faol borayotganidan dalolat beradi. Shu tariqa, SaaS modeli boʻyicha mahsulot va ITES-xizmatlarni eksport qiluvchilarning umumiy soni 766 taga yetdi, ulardan 351 tasi — xorijiy rezidentlar.

Yangi rezidentlar eksportining asosiy ulushini IT-xizmatlar va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, dizayn va multimedia, xorijda konsalting va marketing kabi autsorsing xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, aloqa markazlar tashkil etadi.

Birinchi marta Gretsiya kompaniyasi IT Park rezidentiga aylandi — “ICT REACH” ijodiy sanoat sohasida konsalting xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniya Turkiya, Ozarbayjon va mintaqadagi boshqa mamlakatlar bozorlari bilan faol hamkorlik qiladi.

Shuningdek, Germaniyaning “HEGELMANN FLEET” IT-kompaniyasi Latviya, Litva va Estoniyalik xorijiy mijozlarga logistika xizmatlarini koʻrsatish uchun mamlakatimizda oʻz vakolatxonasini ochdi. Faoliyatining birinchi yilida “HEGELMANN FLEET” kompaniyasi 41 ta ish oʻrni yaratishni rejalashtirmoqda.

Shuni ham taʼkidlash joizki, Xitoy kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoridagi ishtiroki kuchayib bormoqda — logistika boshqaruvi, mijozlarga xizmat koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash sohasida autsorsing xizmatlarini koʻrsatuvchi “TRANSEURO” kompaniyasi IT Park rezidentiga aylandi. Oʻzbekistondagi faoliyatining dastlabki bosqichida kompaniya Xitoyga xizmatlarni eksport qilish uchun 22 ta ish joyini yaratishni rejalashtirmoqda.

Xorijiy rezidentlarning fikr-mulohazalariga koʻra, ularning Oʻzbekistonda ofis ochish qaroriga Oʻzbekiston hukumati tomonidan yaratilgan chora-tadbirlar va qoʻllab-quvvatlash dasturlari taʼsir koʻrsatgan — ularning tajribasiga koʻra, mamlakatimizda biznes uchun yaratilgan sharoitlar boshqa hech bir davlatda uchramaydi va shu orqali Oʻzbekistonning jahon sahnasidagi jozibadorligini oshirmoqda. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar oʻzbekistonlik mutaxassislarning yuqori malakasi, ularning kasbiy mahorati va chet tillarini bilishini qayd etishmoqda, bu esa oʻzbekistonlik yangi xodimlarga kompaniya faoliyatiga tezda moslashish va natija koʻrsatish imkonini beradi.

2024-06-21