Raqamli texnologiyalar vazirligi IT Park Uzbekistan va “GIZ” tashkiloti bilan hamkorlikda butun Oʻzbekiston boʻylab raqamli transformatsiyani joriy etishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
“GIZ” (Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit) — bosh qarorgohlari Bonn va Eshborn shaharlarida joylashgan Germaniya taraqqiyot tashkiloti. “GIZ” butun dunyo boʻylab barqaror oʻsish va rivojlanishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan moslashtirilgan, iqtisodiy jihatdan samarali va natijador xizmatlarni taqdim etadi.
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Umarov vazirlikning Oʻzbekiston raqamli kelajagi haqidagi qarashlarini taqdim etdi. Vazirlik va IT Park taqdimotlarida Oʻzbekistonning malakali va yosh kadrlari uchun koʻplab imkoniyatlar yaratadigan barqaror IT-ekotizimini shakllantirish loyihalari namoyish etildi.
Tadbirning asosiy qismi keng koʻlamli IT-xizmatlar va milliy darajadagi loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan IT Park rezidenti — “UZINFOCOM” kompaniyasiga tashrif boʻldi. Kompaniya sunʼiy intellekt, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va maʼlumotlar tahlilga asoslangan yechimlarni taklif qiladi, eng zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda oʻz mijozlari uchun ishonchli yechimlarni taʼminlaydi.
“GIZ” Markaziy Osiyo mamlakatlarida sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va yoshlar bandligi sohalarida amalga oshirilgan raqamli transformatsiya loyihasini taqdim etdi. Ushbu tashabbuslar texnologik va iqtisodiy taraqqiyotni ilgari surish uchun xalqaro tajriba va innovatsiyalarni joriy etish muhimligini aks ettiradi.
Aholisi 37 milliondan ortiq, ularning deyarli 66 foizi 30 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston yangi imkoniyatlarni oʻzlashtirish uchun ulkan salohiyatga ega. Ushbu hamkorlik, ayniqsa, yoshlar uchun koʻplab ish oʻrinlari yaratishi, oʻsib borayotgan raqamli iqtisodiyot sharoitida ularning rivojlanishiga koʻmaklashishi kutilmoqda.
“GIZ” tajribasi va Oʻzbekistonning strategik qarashlari tufayli mamlakat oʻzining raqamli maqsadlariga erishish yoʻlida dadil harakat qilmoqda. Ushbu hamkorlik, shuningdek, uzoq muddatli raqamli rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratib, ilgʻor jahon tajribalarini joriy etishga yordam beradi.
2024-09-10