“One million Uzbek Coders” kurslarini toʻliq oʻrganishni qaror qilgan bir texnologik oila tarixi

Dasturlash hamma uchun. Agar siz hali ham bunga shubha qilayotgan boʻlsangiz, ushbu maqolaga bir necha daqiqangizni ajrating, shunda bu soʻzlarning rostligiga amin boʻlasiz.

Jasur va Gulnoza Xolovalar juftligi toʻrt farzandi bilan birgalikda “One Million Uzbek Coders” platformasida tahsil olishdi va bundan zarracha ham afsuslanishmaydi. Ular IT sohasi, ayniqsa, “One million Uzbek Coders” (OMUC) loyihasining beradigan imkoniyatlari va istiqbollari haqida soatlab gapirish mumkin, deb hisoblashadi. Ammo qisqacha aytganda, ularning fikriga koʻra, OMUC — bu har bir inson uchun oʻz hayot yoʻlini va kasbini topish imkoniyati.

39 yoshli Jasur Xolov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining axborot texnologiyalari yoʻnalishi bitiruvchisi, iqtisodiyotning turli sohalarida koʻp yillik tajribaga ega. Ayni paytda u kompyuterda, ayniqsa, Excel ilovasida ishlash asoslarini oʻrgatadi.

Uning turmush oʻrtogʻi Xolova Gulnoza Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bitiruvchisi. Mental arifmetika boʻyicha xalqaro darajadagi murabbiy. Hozirda u maktabda matematika, informatika va ITʼga ixtisoslashtirilgan fanlarni oʻrgatmoqda.

Xolovlarning oilasi bugungi jamiyat qarashlariga koʻra katta deb hisoblash mumkin.

Toʻngʻich qiz, Hilola, 17 yoshda, Parkent tumanidagi 5-davlat ixtisoslashtirilgan maktabini chuqurlashtirilgan matematika, rus va ingliz tillarini oʻrganish boʻyicha tamomlagan. Yaqinda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Axborot texnologiyalari yoʻnalishiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan. Kelgusida u Yaponiyada magistratura yoʻnalishida tahsil olib Oʻzbekistonda arxitektura va qurilish sohasida innovatsion loyihalarni yaratish borasida yetarli tajriba yigʻishni rejalashtirgan.

Bahrom, 15 yosh, 9-sinf oʻquvchisi, xuddi shu maktabda tahsil oladi. Bahrom kelajakda tajribali ilovalar yaratuvchi dasturchi boʻlishni, Massachusets texnologik universitetida (MIT) tahsil olib Oʻzbekiston nomini jahon miqyosida tanituvchi ilovalarni yaratishni orzu qiladi.

Oʻrtancha farzand, Barno, 13 yoshda, Parkent tumanidagi 40-maktabning 7-sinf oʻquvchisi. U mental arifmetika boʻyicha xalqaro onlayn olimpiada gʻolibi. Kelgusida axborot texnologiyalari boʻyicha bilim beruvchi shaxsiy maktabini ochishni hamda “Maʼlumotlar tahlili” sohasida taʼlim berishni orzu qiladi.

Kichik qizi, Zumrad, 10 yoshda, Parkent tumanidagi 40-sonli maktabning 4-sinf oʻquvchisi. Zumrad dizaynga qiziqadi va kun kelib shaxsiy liboslar kolleksiyasini tuzish hamda veb dizaynni mukammal oʻrganishni istaydi.

Xolovlarning aytishicha, ular OMUC haqida yangiliklar orqali bilishgan, aniqrogʻi loyiha taqdimoti reportajiga koʻzi tushib qoladi va yangiliklarning keyingi sonini kutmasdan internet orqali maʼlumot topish va tahsilni tezroq boshlash kerakligini anglab yetadilar.

“Menimcha, “ONE MILLION UZBEK CODERS” loyihasining nomiyoq qaysidir maʼnoda uning muvaffaqiyatli ekanligini belgilab beradi. Loyiha haqida bilganimizdan soʻng, oila boshligʻi sifatida, Oʻzbekistonda yetishtirilajak bir million dasturchi safiga qanday qilib men va oilam kirmasligimiz mumkin, degan fikr keldi. Shu tariqa avvaliga oʻzim maʼlumotlarni tahlil qilish kursini oʻtashga qaror qildim, chunki koʻp yillar davomida EXCEL tahlillari bilan shugʻullanardim va ushbu sohadagi maʼlumotlar bilan ishlashning ahamiyatini bilaman”, dedi Jasur Xolov.

Oila boshligʻi OMUC platformasida oʻqishni boshlaganidan soʻng, bundan uning turmush oʻrtogʻi Gulnoz va ularning bolalari ham ilhomlangan.

“Turmush oʻrtogʻimning tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi bilan, bir muncha vaqtdan keyin men roʻyxatdan oʻtdim va maʼlumotlarni tahlil qilish kursini oʻrgana boshladim. Kurslarni oʻrganish ish tajribam va oliy maʼlumotim borligiga qaramasdan qiyin boʻldi. Koʻproq maktabda olingan bilimlar asqatdi. Biz kurslarning toʻliq oʻrganganimizdan keyin farzandlarimizni oʻzimiz oʻqitamiz deb oʻylagandik, biroq oʻrtancha farzandimiz Barno oʻzi mustaqil oʻzlashtirayotgani va hatto baʼzi hollarda menga oʻrgatib turganini koʻrib bolalarimizni ham roʻyxatdan oʻtkazishga qaror qildik. Katta qizim kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrayotgani uchun, Bahrom va Barno maʼlumotlarni tahlil qilishni oʻrganishni avvalroq boshladi”, — deydi Gulnoza Xolova.

Oila sohiblarining aytishicha, nisbatan bolalar uchun OMUC kurslarida tahsil olish osonroq boʻldi, ular platformada taʼlim olishdan mamnun edilar, chunki bolalar kichikligidan bilimni charxlovchi kompyuter oʻyinlarini oʻynashga ruxsat berilgandi. Ular bolalikdan kompyuterda qidiruv tizimlari, bosma, chizish va loyiha bilan ishlashni oʻrganishgan.

Biroq, Xolovalar boshqa ota-onalarga farzandlari dasturchi boʻlishini istamasa, ularni oʻqishga majburlamaslik kerakligini taʼkidlashadi. Agar bolaning oʻzida maʼlum bir yoʻnalishga qiziqishi boʻlmasa, unda farzandingizga bosim oʻtkazmang, aksincha, u yoqtirgan sohani aniqlab oling va unga yoʻnaltiring.

Misol uchun, Xolovlar oilasida har bir kishi maʼlumotlarni tahlil qilish kursidan oʻtishga qaror qildi, ammo birgina oʻgʻli boshqa yoʻnalish boʻyicha oʻqishni istadi va Android dasturlash kursini tanladi. Ayni paytda u loyiha forumining faol ishtirokchisi boʻlib, yangi oʻrganuvchilarga maslahat beradi va oʻz loyihalarini yaratadi.

Bundan tashqari, oila har qanday yangi ishda boʻlgani kabi, OMUCda taʼlim olishda qiyinchiliklarga duch kelishdi, masalan: akkauntlarni bogʻlash, murakkab laboratoriya ishlari va boshqalar.

Bundan tashqari, ular Oʻzbekiston hukumati tomonidan IT soha rivojlanishining asosi boʻlmish zamonaviy axborotlarni uzatishning telekommunikatsiya aloqasini yaratish, elektr energiyasidagi uzilishlari va Internet tezligi bilan bogʻliq muammolarni kamaytirish ustida olib borilayotgan ulkan ishlar va yoʻnaltirilayotgan manbalarni alohida taʼkidlab oʻtdi.

OMUC yordamida olgan yangi bilimlar nafaqat dunyoqarashni kengaytirishga yordam berdi, balki oʻz-oʻziga va kelajakka boʻlgan ishonchni ham oshirdi.

Jasur Xolov eʼtirof etganidek, “Koʻp yillar davomida oila aʼzolarimning fikrlarini oʻzgartira olmadim. Baʼzan hatto oʻzimning soʻzlarimga ishonmay qolar edi. OMUC oʻz imkoniyatlari bilan nafaqat mening fikrimni oʻzgartirdi, balki Oʻzbekiston IT sohasining kelajagiga boʻlgan ishonchimizni mustahkamladi”.

IT mutaxassisligi boʻyicha oʻqishni istagan odamlarga Xolovlar IT dunyosiga boʻlgan yoʻlda aslo ikkilanmay olgʻa qadam bosishni va mazkur mutaxassislikni oʻrganishni tezroq boshlashni tavsiya etiladi.

“OMUC platformasida dasturlash jarayonida oʻrganilgan bilim sizni bezovta qilmaydi, aksincha, yangi kasbni oʻrganishingizga yordam beradi. Jinsi, yoshi, kasbi va qanday ish bilan band boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻrta va hatto nol maʼlumotga ega boʻlgan har qanday kishi OMUC kurslarida oʻqishi mumkin. Bu sizning hayotingiz va faoliyatingiz uchun katta foyda keltiradi. Dasturlash qobiliyatlari insonning zamon va makonga oid tasavvurini va dunyoqarashini kengaytiradi. Yangi gʻoya va loyihalar uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi”, — deya qoʻshimcha qildi Xolovning rafiqasi.

Xulosa qilib aytganda, Xolovlar oilasi, qilayotgan ishiga chin dildan ishonadigan va rejalashtirgan yoʻlidan qaytmaydigan oilalardan biri ekanini ishonch bilan aytishimiz mumkin. Biz Jasur va Gulnoza Xolovaning farzandlariga toʻgʻri namuna koʻrsatayotgani, ularni majburlamasdan, aksincha, yangi marralarni zabt etish, maqsadga erishish yoʻlida ruhlantirayotganini alohida taʼkidlashimiz lozim. Xolovlar oilasi ayniqsa, farzandlari kamida axborot texnologiyalari sohasida minimal bilimlarga ega boʻlishini, koʻpida professional dasturchi boʻlib, kishilar hayotini yaxshilash va jamiyatga yordam beradigan innovatsion loyihalarni yaratadigan shaxs boʻlib yetishib chiqishini istaydigan ota-onalar yoki boʻlgʻusi oila sohiblari uchun oʻziga xos namuna boʻla oladi.

One Million Uzbek Coders: http://uzbekcoders.uz

 

2020-11-09