“One Million Uzbek Coders” loyihasi 500 ming ishtirokchiga yetdi!

IT Park tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida ishga tushirilgan, o‘zbek va ingliz tillarida bepul onlayn kurslarni taqdim etish bo‘yicha “One Million Uzbek Coders” ta'lim loyihasi 500 ming ishtirokchini yig‘di!

“One Million Uzbek Coders”ning asosiy strategik hamkori Birlashgan Arab Amirliklarida "Million Arab Coders" loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan Dubai Future Foundation tashkiloti hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, loyiha 2019-yilda ishga tushirilgan va butun dunyo bo‘ylab 1,6 million foydalanuvchisi bo‘lgan turli sohalarda onlayn kurslar yaratishga ixtisoslashgan Amerikaning Udacity yirik ta’lim platformasi asosida ishlaydi. O‘zbekiston yoshlari 4 yo‘nalishdagi kurslardan bepul foydalanish huquqiga ega: ma’lumotlarni tahlil qilish, androidni dasturlash, frontend va backend dasturlash.

Loyihaning asosiy maqsadi - jamiyatimizning keng qatlamlariga yuqori sifatli va arzon IT-ta’lim berish, bozorda professional kadrlarga bo‘lgan talabni qondirish uchun yangi avlod IT-mutaxassislarini yaratish. Ma’lumni, bugungi kunda har qanday faoliyat sohasi bevosita axborot texnologiyalari sohasi bilan bog‘liq, hatto kichik biznes ham yuqori sifatli veb-sayt yoki mobil ilovasiz to‘liq faoliyat yurita olmaydi.

3 oy davom etadigan barcha darslar davomida talabalarga axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi mutaxassislar hamrohlik qiladilar va yuzaga kelgan masalalarni tushunishga yordam beradi. Shu bilan birga, platformada maxsus onlayn forumlar yaratilgan, u yerda barcha tinglovchilar boshqa tajribasiz dasturchilar bilan maslahat va tajriba almashishlari mumkin.

“One Million Uzbek Coders” loyiha menejerlari, shuningdek, “Uzbekcoders Community” deb nomlangan alohida veb-sayt yaratib, shaxsiy tematik bloglar yaratish, ma’lumotlarni tahlil qilish, marketing, menejment va boshqalar haqida ma’lumotlar ulashmoqdalar. Foydalanuvchilar nafaqat o‘qishlari, balki o‘z maqolalarini nashr etishlari va shu orqali bilim va ko‘nikmalarini boshqalar bilan bo‘lishishlari mumkin.

One Million Uzbek Coders platformasida onlayn kurslardan o‘tgan loyiha ishtirokchilari, oliy ma’lumotli bo‘lishidan qat’i nazar, martabasi o‘sishi yoki ushbu sohada ish topishga imkon beradigan kursni muvaffaqiyatli tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikat bilan taqdirlanishadi. Faoliyat ko‘rsatgan va yangi mutaxassislikni egallash istagini bildirgan 1000 ta eng yaxshi tinglovchilar uchun Nanodegree stipendiyasini olish imkoniyati mavjud, bu ularga turli amaliyot dasturlariga kirish va startaplariga ko‘mak olish imkonini beradi.

Butun dunyoda IT-mutaxassislar xizmatiga talab tez o‘sib borayotganligi sababli, kelajakda kasblarni egallash yo‘lida yosh avlodning salohiyatini saqlab qolish shu bilan birga butun O‘zbekiston IT-infratuzilmasining rivojlanishi maqsadida, “One Million Uzbek Coders” loyihasi yaratilgan.

Bu loyiha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Aholi va yoshlarning texnologiya va Internetdan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish to‘g‘risida”gi uchinchi tashabbusi doirasida IT-sanoatining, yoshlarning dasturlash, robototexnika, axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasidagi innovatsion tadbirkorlik asoslarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi o‘sishiga yordam beradi.

“One Million Uzbek Coders” kurslariga quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin:

https://uzbekcoders.uz

2021-08-13