“One Million Uzbek Coders” loyihasi final bosqichi g‘oliblari aniqlandi

2022 yil 10 iyun kuni poytaxtimizda “Bir million o‘zbek dasturchilari” O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shma loyihasi natijalariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nig‘matovich Oripov, Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad Al Gergavi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, IT Park direktori Farxod Ibragimov, hamda “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasining yakunlanish marosimi doirasida nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar va nomzodlar ishtirok etdi.

One Million Uzbek Coders” (OMUK) loyihasi aholiga dasturlash va raqamli texnologiyalar bilan ishlashga oid ko‘nikmalarni taqdim etishga yo‘naltirilgan bepul onlayn platforma hisoblanadi. Platforma ma’lumotlar tahlili (Data Analysis), Android dasturlash, front-end va full-stack dasturlash kabi to‘rtta eng ommabop yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

Bugungi kunga qadar “One Million Uzbek Coders” dasturi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan talabalarning umumiy soni 2 503 060 nafarni tashkil etadi. Shulardan:

  • 1 557 977 nafari ishtirokchi sertifikatiga
  • 1 175 933 nafari dasturni muvaffaqiyatli  yakunlaganlik bo‘yicha sertifikatga ega boldi

Ta’kidlanganidek, umumiy ishtirokchilarning 90 foizini maktab o‘quvchilari, 47 foizini qizlar tashkil etadi.

Tadbir doirasida loyihani amalga oshirishda erishilgan yutuq va natijalar, axborot texnologiyalari sohasida professional rivojlanish uchun ilk qadam sifatida xizmat qilgan “One Million Uzbek Coders” bitiruvchilarining hikoyalari haqida videoroliklar namoyish etildi.

Nomzodlar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar:

  • “Eng faol hudud” – Xorazm viloyati;

  • “Eng faol Universitet” – Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti;

  • “Eng faol maktab” – Qashqadaryo viloyati, 9-sonli o‘rta umumta’lim maktabi;

  • “Eng faol mentor” nominatsiyasi — Toshboyev Bobomurod;
  • “Eng faol talaba” – Farruh Saliyev, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti;

  • “Eng faol oila” – Xolovlar oilasi.

Ma'lumot uchun: Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda “One Million Uzbek Coders” bitiruvchilari uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda umumiy mukofot jamg‘armasi 100 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi 3 ta musobaqa, ya’ni Sport dasturlash, “Open Data Challenge” va “Students Cup” chempionatlari o‘tkazildi.

Qolaversa, loyihaning faol ishtirokchilari o‘rtasida sovrin jamg‘armasi 6 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi onlayn tanlov o‘tkazilib, unda 12 000 kishi ishtirok etdi. 2021 yilda “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida malaka oshirish kurslarini tamomlagan umumta’lim maktablarining 100 nafar eng faol informatika fani o‘qituvchilari taqdirlandi. Ushbu musobaqa joriy yil ham tashkil etildi.

Bundan tashqari, “One Million Uzbek Coders” dasturi doirasida 7 ta saralash bosqichi o‘tkazilib, IT-ta’lim bo‘yicha 250 ta “Nanodegree” granti egalari aniqlandi.

2022-06-10