Ozarbayjonga tashrif natijalari: innovatsion sammitda ishtirok etish, yangi kelishuvlar va Oʻzbekistonga investitsiyalarni jalb etish

29 noyabr – 2 dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov va boshqa tashkilotlar vakillari amaliy tashrif bilan Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lishdi.

Delegatsiya 30-noyabrdan 1-dekabrgacha Boku shahrida boʻlib oʻtgan “InMerge” Innovatsiyalar sammitida ishtirok etdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad startap ekotizimlari, elektron hukumat, telekommunikatsiyalar, venchur kapital va kiberxavfsizlik sohalaridagi innovatsiyalarni oʻrganish edi. Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy IT-kompaniyalar uchun mavjud boʻlgan barcha imtiyozlarni taqdim etdilar va ularni mamlakatimizda oʻz vakolatxonalarini ochishga taklif qilishdi.

Birinchi kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “InMerge” sammitining ochilish marosimida va “Innovatsion ekotizimlarni birlashtirish: oʻsish uchun mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi panel muhokamasida ishtirok etib, unda Oʻzbekistonda AKT sektorining rivojlanish istiqbollari va strategiyasi hamda ushbu sohada Markaziy Yevroosiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishning kelgusi rejalari toʻgʻrisida maʼruza qildi.

Panel muhokamasi yakunida Sherzod Shermatov va Farhod Ibragimov Ozarbayjon raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Uchrashuv davomida elektron hukumat, telekommunikatsiyalar, elektron hujjat aylanmasi va raqamlashtirish orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo munosabatlarini yanada jadallashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Shu maqsadda ikki vazirlik mansabdor shaxslari oʻrtasida ishchi guruh tuzilib, unga chuqur tahlil asosida vazirliklar oʻrtasidagi yoʻl xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

Maʼlumot uchun: ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining yordamchisi Shahmar Movsumov, raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev, iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari Elnur Aliyev, Turkiya Respublikasi sanoat va texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Zekeriya Joshtu, “Apple” (AQSh) hammuassisi Stiv Voznyak, “PASHA” xolding rahbari Jalol Gasimov, “Tesla” kompaniyasi asoschisi Jeffri Brayan Straubel va boshqalar ishtirok etishdi.

Sammit doirasida delegatlar innovatsion sammit tashkilotchisi, “Pasha Holding” rahbari Jalol Gasimov bilan uchrashdi. Ushrashuvda hamkorlik masalalari, jumladan, Oʻzbekiston kompaniyalari tomonidan “Kapital Bank Azerbaijan” uchun IT-xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, ularning “Caucasus Ventures” venchur fondi orqali Oʻzbekistonda akseleratsiya dasturlarini yakunlagan startaplarga sarmoya kiritish masalalari muhokama qilindi.

“Pasha Holding” kompaniyasi “IT Park Uzbekistan” majmuasini qurish boʻyicha investitsiya loyihasida investor sifatida ishtirok etish istagini bildirdi va ofis binosi va mehmonxona qurish masalalarini ishlab chiqishga rozi boʻldi. Xolding vakillari 2024-yil boshida axborot texnologiyalari va koʻchmas mulk bozorini oʻrganish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishadi.

“Pasha Holding” kompaniyasi 2006-yildan buyon bank, sugʻurta, investitsiya, qurilish, texnologiya, turizm va boshqa sohalarda biznesni boshqaradi va investitsiya kiritadi. Hozirgi vaqtda “Pasha Holding” va tegishli kompaniyalarda 17 mingdan ortiq xodim mehnat qiladi va kompaniyaning umumiy aktivlari $11 milliarddan oshadi.

Ozarbayjon Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi raisi Inara Veliyeva bilan Ozarbayjonda IT parkʼga oʻxshash tashkilot yaratish boʻyicha hamkorlik va tajriba almashish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Tomonlar mintaqada startap va venchur ekotizimlarini rivojlantirish va tadbirkorlar uchun qoʻshma akseleratsiya dasturlarini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Ozarbayjon Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi 2021-yilda Raqamli rivojlanish va transport vazirligi qoshida tashkil etilgan. Agentlikning asosiy maqsadi mamlakatda raqamli sektorni rivojlantirishga koʻmaklashish, raqamli transformatsiya va innovatsiyalar sohasida faoliyatni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarni ularning innovatsiyalari uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, startaplarga yordam berishdan iborat.

Ikkinchi kuni “Silkroad Innovation Hub” direktori Asset Abdualiyev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston IT-korxonalari uchun eksport akseleratsiyasi dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha kelishib olindi. Dasturlar doirasida eng istiqbolli korxonalarning AQShga tashrifi koʻzda tutilgan, “Silkroad Innovation Hub” esa biznesni rivojlantirish, yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, investitsiyalarni jalb qilish va rivojlangan mamlakatlar bozorlarida dasturiy mahsulotlar jozibadorligini oshirish uchun keng qamrovli yordam koʻrsatadi.

Silkroad Innovation Hub — Markaziy Yevroosiyo startaplari va tadbirkorlariga Silikon vodiysi va AQSh bozorida oʻz korxonalarini yaratish yoki kengaytirishda amaliy yordam koʻrsatuvchi tashkilot.

Uchrashuv yakunida “Sabah.Hub” biznes-inkubatori direktori Rahim Bayramli bilan Oʻzbekistonda “Sabah.HUB” filialini ishga tushirish va oliy oʻquv yurtlarining inkubatsiya markazlari orqali startap loyihalarni ishlab chiqishda amaliy yordam koʻrsatish rejalari kelishib olindi. Shuningdek, 2024-yilning mart oyidan boshlab “Sabah.HUB” venchur fondining $25 milliondan iborat qismini oʻzbek startaplariga investitsiya qilish, fondni oʻzbek startaplari oʻrtasida keng targʻib qilish, hamda Ozarbayjondan Oʻzbekistonga investorlarni jalb qilish va Oʻzbekiston venchur fondlari va “Sabah.HUB” oʻrtasida uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

 

Shuningdek, “InMerge Innovation Summit” doirasida “Startap Stage” tanlovi boʻlib oʻtdi, unda IT Park resident-kompaniyalari — “TASS Vision”, “Workly”, “Sugʻurta Bozor” va “Uysot” ishtirok etishdi va “500 Global”, “Caucasus Ventures, “White Hill Capital”, “Seedstars”, “TA Ventures”, “Plug and Play” kabi venchur fondlariga taqdim etildi.

2023-12-05