“PASHA Holding” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

19-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligida “PASHA Holding” rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov, “PASHA Holding” kompaniyasi bosh direktori Jalol Gasimov, “PASHA Holding” apparati rahbari Dayanat Sadullayev va boshqalar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida “PASHA Holding” va IT Park oʻrtasidagi hamkorlikning turli jihatlari muhokama qilindi. Xususan, “PASHA Holding” kompaniyasining Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish rejalari; joriy yilning oktyabr oyida Boku shahrida boʻlib oʻtadigan “InMerge Innovation Summit” tadbirida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park vakillarining ishtiroki; Ozarbayjon kompaniyalari uchun “Softlanding” dasturini amalga oshirish va “PASHA Holding” hamkorlari orqali Oʻzbekiston kompaniyalarini xalqaro bozorlarda targʻib qilish.

Shuningdek, uchrashuv davomida “PASHA Holding” kompaniyasi vakillari mart oyida boʻlib oʻtadigan “Offshore Outsourcing Tour” tadbiri va joriy yilning kuzida oʻtkaziladigan “ICT Week Uzbekistan” haftaligiga taklif etildi.

Keyinroq “AloqaBank” boshqaruv raisi o‘rinbosari Farrux Maxkamov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda tomonlar venchur investitsiyalarni rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi salohiyatli hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.

“PASHA Holding” kompaniyasi Oʻzbekiston bilan turli sohalarda, jumladan, axborot texnologiyalari, innovatsiyalar va moliyaviy xizmatlar boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi.

Mazkur uchrashuv ikki tomon oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mahalliy kompaniyalarni jahon bozorida ilgari surish, shuningdek, xorijiy kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

2006-yilda tashkil etilgan “PASHA Holding” — Ozarbayjonning Boku shahrida joylashgan taniqli investitsiya kompaniyasi hisoblanadi. Xoldingda 17 000 dan ortiq xodim mehnat qiladi va Turkiya va Gruziya davlatlarida vakolatxonalari mavjud. 2023-yil boshida “PASHA Holding” kompaniyasining umumiy aktivlari deyarli $11,3 milliardni, kapitali esa — taxminan $1,43 milliardni tashkil etdi.

Xolding “Pasha Bank”, “Kapital Bank”, “Pasha Insurance”, “Competo”, “Pasha Pay”, “Pasha Technologies” va boshqa kompaniyalar orqali bank ishi va moliya, sugʻurta, axborot texnologiyalari va boshqa koʻplab sohalarda taqdim etilgan.

2024-02-20