Plug and Play Uzbekistan xalqaro akseleratsiya dasturining ikkinchi bosqichiga arizalar qabuli boshlandi

Plug and Play Uzbekistan platformasi tadbirkorlarni oʻsish va innovatsiya strategiyalarida qoʻllab-quvvatlab, ularga dunyoning eng muhim bozorlarida rivojlanish imkoniyatlarini taqdim etadi.

Dasturda ishtirok etish orqali startaplar keng koʻlamli resurslardan, jumladan, mentorlik, seminarlar va biznes aloqalarini o'rnatish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Shuningdek, u startaplarga xalqaro bozorga chiqishga va yetakchi venchur fondlaridan investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.

Dastur Plug and Play Uzbekistanning bir qancha taʼsischi hamkorlari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va “AloqaBank” tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.

Akseleratsiya dasturining ikkinchi bosqichi Toshkentda boʻlib oʻtadi va butun dunyo startaplari uchun ochiq boʻladi. Xalqaro startaplar dasturda shaxsan ishtirok etishlari yoki uni onlayn formatda oʻtkazishlari mumkin.

Ishtirok etish uchun 5-sentabrga qadar quyidagi havola orqali ariza topshirishingiz mumkin: https://www.plugandplaytechcenter.com/uzbekistan/. Taʼlim tili: ingliz tili.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston joriy yilning mart oyida oʻzining birinchi Plug and Play akseleratsiya dasturini ishga tushirgan edi. Unda Oʻzbekistondan AI (Sun’iy intellekt), FinTech (Moliyaviy texnologiyalar), InsurTech (Sug‘urta texnologiyalari), Enterprise tech (Korxona texnologiyalari) va boshqa sohalarga yoʻnaltirilgan TASS Vision, Mohirdev, Botcommerce, Sugʻurta Bozor, Didox kabi 16 ta startaplar ishtirok etdi.

Kompaniya haqida

Plug and Play platformasi korporativ innovatsion dasturlarni taklif etadi va korporativ hamkorlarga innovatsion yo‘llarining har bir bosqichida, oʻrgatishdan tortib to amalga oshirishga qadar yordam beradi.

2006-yilda Silikon vodiysida tashkil etilganidan buyon Plug and Play dasturlari tobora kengayib, dunyoning 50 dan ortiq joylarida namoyish etilib, startaplarga nafaqat Silikon vodiysida, balki uning tashqarisida ham muvaffaqiyatga erishish uchun zarur resurslarni taqdim etdi.

35 000 dan ortiq startaplar va AQSh, Fransiya, Germaniya, Singapur va boshqa mamlakatlardagi 1400 ta rasmiy korporativ hamkorlardan iborat portfelida 30 dan ortiq “yakkashox” larga ega kompaniya koʻplab sohalarda mukammal startap ekotizimini yaratdi. 2022-yilda Plug and Play Oʻzbekistonda oʻz ofisini ochdi.

2023-08-10